Yaponiya Markaziy Osiyo bilan energiya bo'yicha hamkorlikni kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe (chapda) Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhamedov bilan, 23-oktabr, 2015-yil, Ashgabat, Turkmaniston.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe (chapda) Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhamedov bilan, 23-oktabr, 2015-yil, Ashgabat, Turkmaniston.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Mongoliya va Markaziy Osiyo bo'ylab safarda. Unga, taxminan, 50 kompaniya rahbarlari hamrohlik qilmoqda. Har bir mamlakatda o'tadigan muzokaralar kun tartibidagi asosiy masala bu - energetika. Qator kuzatuvchilar nazarida, Yaponiya Markaziy Osiyoda, xususan, Xitoy bilan raqobatlashmoqda. Mintaqa bilan savdo-sotiqqa kelganda Pekinga yetadigani yo'q...

Bishkeklik Zafar aka Hakimov yapon xonadonidan kelin olgan. Kunchiqar mamlakatga - farzandlari va qudalarinikiga - tez-tez borib turadi. Uzoq yillar davlat idoralarida rahbar lavozimlarda faoliyat ko’rsatgan ushbu arbob fikricha, Yaponiya ko’p masalalarda - madaniyat va ma’naviyat, iqtisodiyot va ijtimoiy hayot kabi jabhalarda - o’rnak va namuna bo’la oladigan davlat.

“Mintaqa mamlakatlari hamda Yaponiya hamkorligining istiqbolli yo’nalishlari qatori men energetika, infrastruktura - ayniqsa, yo’l qurilishi - hamda telekommunikatsiya sohalarini aytgan bo’lar edim”, - deydi suhbatdosh.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida Yaponiya aynan energetika sohasida yirik loyihalarda ishtirok etmoqda. Yapon sarmoyalari Turkmanistonda gaz sanoati, Qozog’istonda neft va uran sanoati, O’zbekistonda neft-gaz, tog'-kon, temir yo’l qurilishi, telekommunikatsiya va to’qimachilik sohalarini rivojlantirishga hissa qo’shmoqda. Mustaqillikning dastlabki yillari Tokio Qirg’izistonda qator kommunikatsiya tarmoqlari (avtoyo’l hamda telefon stansiyalari) taraqqiyoti uchun ko’mak be’rgan. Hozir ham ushbu o’lka uchun, ayniqsa, ta’lim, salomatlikni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi gumanitar sohalarga ko’plab grantlar ajratib kelinmoqda.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining Diplomatiya akademiyasi muallimi, siyosatshunos Japar Birimqulovning aytishicha, yer osti boyliklari taqchil bo’lgan Yaponiya bu o’rinda salohiyatli Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bevosita aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.

“Ayni paytda, qator G’arb mamlakatlaridan farqli o’laroq, Yaponiya iqtisod sohasida real yordam kor’satmoqda va o’z yordamini siyosiy yoki boshqa shartlar bilan bog’lamaydi”, - deydi Birimqulov.

Siyosatshunos Japar Birimqulov Yaponiya Markaziy Osiyoda Xitoy bilan raqobatlashmoqda, degan fikrlarga qo’shilmaydi. Uningcha, kunchiqar mamlakat kim bilandir raqobat qilish borasida emas, ko’proq o’zaro manfaatlar hamda tinchlik, barqarorlik, umuminsoniyat farovonligi masalalari haqida o’ylaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG