Afg’onistonda og’ir jang va talofatlarga tayyor turish kerak, deydi AQSh admirali

  • Amerika Ovozi

O’tgan yili Afg’onistonda xalqaro koalitsiya 700 askaridan ayrildi

O’tgan yili Afg’onistonda xalqaro koalitsiya 700 askaridan ayrildi

Afg’oniston sharqi va janubida NATOning olti askari halok bo’lgan. Yana bir xuruj afg’on razvedka xodimi va uning haydovchisini hayotdan olib ketgan.

Kunar va Qandahor viloyatlarida ikki yirik qurol ombori aniqlangan. AQSh harbiylari joriy yilda Afg’onistonda zo’ravonlik, qonli olishuvlar kuchayadi, demoqda.

AQSh admirali Mayk Myullen jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan, “Afg’oniston janubida Tolibonga qarshi kurash jadal kechmoqda”,- dedi.

Uning aytishicha, hudud ahli toliblardan yuz o’gira boshlagan. Jangarilar kurashni boy bermoqda, deydi admiral.

“Afg’on armiyasi kuchga to’lar ekan, Tolibon mag’lub bo’lishi aniq”, deydi AQSh bosh harbiysi.

Qo’shma Shtatlar yaqinda Afg’oniston janubiga qo’shimcha 1400 askar safarbar etadi.

Admiral Myullen Tolibon bilan bu yil janglar yanada qonli tus olishi mumkin deya ogohlantirmoqda.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar talofatlarga tayyor turishi kerak. O’tgan yilgidan og’irroq bo’ladi bu yil, deydi admiral.

O’tgan yili Afg’onistonda xalqaro koalitsiya 700 askaridan ayrildi.

“Bu urushda g’alaba qilishni xohlasak, qo’shni Pokistondagi jangari manzillarini yo’q qilish lozim”, - deydi Mayk Myullen.

AQSh xavfsizligi haqida so’zlar ekan, admiral Yamanda alohida to’xtaladi.
Bu davlatda tobora chuqur ildiz otayotgan al-Qoida AQSh, umuman G’arb dunyosiga tahdid solayotgan asosiy kuchlardan biri bo’lib qolmoqda, deydi u.

Qo’shma Shtatlar Yaman hukumati bilan hamkorlikni oshirmoqda. Davlat kotibasi Xillari Klinton hafta boshida bu davlatda bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG