Xavfsizlik kompaniyalari Afg'oniston hukumati qaroridan norozi

  • Amerika Ovozi

Ular nazarida, xususiy xorijiy firmalar mamlakatdan chiqib ketsa, qayta qurish ishlari to'xtab qoladi.

Dushanba kuni Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay mamlakatdagi xorijiy xavfsizlik kompaniyalar 4 oy ichida faoliyatini tugatishi kerak, degan edi. Kecha bu to'g'risida prezident qarori e'lon qilingan. Xavfsizlik kompaniyalari nazarida ularning ishi juda muhim va hukumat rejasidan qaytishi kerak.

Afg'onistonda ko'plab mahalliy va xalqaro xavfsizlik kompaniyalari ish yuritadi. 30-40 ming atrofida xizmatchilari bor. Afg'oniston prezidenti qurollangan bu kuchlar hukumat xavfsizlik tizimidan tashqarida ekanidan va unga bo'ysunmasligidan xavotirda. Unga ko'ra, bu tuzilmalar ustidan markazlashgan nazorat yo'q va ba'zida ular qonundan chetga chiqadi. Faoliyatini tugatishi uchun 4 oy muhlat berilgan, ya'ni yil oxirigacha. Shundan so'ng bu kompaniyalarda ishlaydigan mahalliy xizmatchilarga afg'on armiyasiga qo'shilish imkoni beriladi. Aks holda ular qurolini topshirishi kerak bo'ladi.

Biroq xususiy xavfsizlik kompaniyalarini birlashtiruvchi Britaniya uyushmasi rahbari Endi Biepark nazarida bu kompaniyalar ishini to'xtatsa, qayta qurish ishlari chipakka chiqadi.

Uning aytishicha, Afg'oniston rekonstruksiyaga muhtoj.

"Unga elektrostansiyalar kerak, to'g'onlar. Ularni qurayotgan xorijiy kompaniyalarga esa xavfsizlik kerak. Ba'zilari muayyan xavfsizlik kompaniyalari bilan ishlashga o'rgangan. Ular yopilsa, muhandislik firmalari ishini to'xtatib qo'yishi mumkin", - deydi Biepark.

Elchixonalar, xalqaro tashkilot va bizneslar xavfsizligini ta'minlayotgan kompaniyalar hukumat qaroridan mustasno. Faoliyat doiramiz ancha keng, deydi britaniyalik mutaxassis.

"Xususiy xavfsizlik kompaniyalari afg'on politsiyasi, armiyasi malakasini oshirmoqda. Eng muhim vazifasi esa yuk ortilgan karvonlarni himoya qilish", - deydi Biepark.

Karvonlar esa harbiy amaliyotlar va qurilish uchun zarur anjomlar tashiydi.

"Har yerda karvonlar. Xoh yonilg'i olib ketayotgan bo'lsin, xoh oziq-ovqat. Bularni NATO kuchlaridan ko'ra ko'proq xususiy kompaniyalar muhofaza qiladi".

Afg'oniston hukumatining aytishicha, bundan keyin karvonlar xavfsizligi bilan afg'on kuchlari shug'ullanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG