Qo'shma Shtatlar Afg'onistonni, Afg'oniston esa AQShni korrupsiyada ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar Afg'onistonni, Afg'oniston esa AQShni korrupsiyada ayblamoqda

Qo'shma Shtatlar Afg'onistonni, Afg'oniston esa AQShni korrupsiyada ayblamoqda

AQSh matbuotiga ko'ra, Barak Obama ma'muriyati Hamid Karzay hukumatini korrupsiyaga qarshi kurashga chaqirayotgan bir paytda Markaziy Razvedka Boshqarmasi afg'on rasmiylariga axborot uchun maosh to'lamoqda.

Qo'shma Shtatlar Afg'oniston hukumatini korrupsiyani yengishga chaqirar ekan, prezident Hamid Karzay AQShning o'zini bu illat urug'ini Afg'onistonda sochayotganlikda ayblagan. Amerikalik qonunchilar milliardlab dollar pul isrof bo'lyapti, deb bong urmoqda.

"Nyu-York Tayms" gazetasida yozilishicha, prezident Hamid Karzay o'tgan yili korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi doirasida ikki idora yaratishga ko'rsatma berib, ularga hukumatdagi korrupsiya hollarini taftish qilish vazifasini yuklagan edi. Ularga keng vakolatlar berilgan, AQSh Federal qidiruv byurosi va Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi texnik va boshqa yordam ko'rsatayotgan edi. Biroq o'tgan oy bu idoralar korrupsiyachilarni Karzay ma'muriyatida aniqlagach, mamlakat prezidenti ularning vakolatlarini cheklashi mumkinligi ma'lum bo'ldi.

Xususan, Afg'oniston Milliy xavfsizlik kengashi ma'muriyati rahbari Muhammad Ziyo Solihiy moliyaviy jinoyatga qo'l urgan yirik kompaniyaga qarshi tergov ishiga aralashish evaziga katta miqdorda pora olganlikda ayblanib, qamalishi kerak edi. Biroq Karzayning shaxsan aralashuvi tufayli Solihiy nafaqat hibsdan ozod etilgan, balki prezident buyrug'iga ko'ra yaratilgan aksil-korrupsiya idoralarining o'zi uni nohaq ta'qib qilayotganlikda ayblangan.

Hamid Karzay AQShning korrupsiyaga doir pand-nasihatlardan to'ygan ko'rinadi chog'i, endilikda uning ma'muriyati Amerikaning o'zini bu illatda ayblamoqda.

Karzay matbuot kotibi Vohid Umar haftalik matbuot anjumanida mavzuni ko'targan. "Vashington Post" gazetasida keltirilishicha, Afg'onistonga yordam tariqasida kelayotgan har 100 million dollarning 80 foizini AQSh nazorat etadi. Vohid Umar nazarida ko'p million dollarlik shartnomalar poraxo'rlikni keltirib chiqargan omillardan.

Pulning katta qismi esa xavfsizlikka sarflanadi. Jumladan, xorijiy xavfsizlik kompaniyalarini yollashga. Afg'onistonda ularning soni 50 ta atrofida bo'lib, jami 30 ming qurollangan xodimlari bor.

"Vashington Post"ga ko'ra, NATO ham korrupsiya hollarini o'rganish maqsadida ikki yangi guruh ochgan. Biri xalqaro shartnomalarni o'rganadi, ikkinchisi esa xususiy xavfsizlik kompaniyalari faoliyatini.

O'tgan hafta prezident Karzay yil oxirigacha xavfsizlik kompaniyalarini yopishga ko'rsatma bergan. Ayni damda ularning ro'yxati tuzilmoqda.

AQShda harbiy kontraktlarni o'rganuvchi federal komissiyaga ko'ra, Iroqda qurilish loyihalariga ajratilgan pulning 4 milliard dollari ko'kka sovurilgan. Afg'oniston ham bu muammodan xoli emas, deydi komissiya raisi Maykl Tibolt.

"Nyu-York Tayms"ning xabar berishicha, Karzay ma'muriyatining korrupsiya bilan bog'liq tergovga jalb qilingan rasmiysi Muhammad Ziyo Solihiy AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasiga ishlab, undan maosh olgan.

Solihiyning boshqarma oldidagi vazifalari va xizmatlari nimadan iborat ekani ma'lum emas. U o'tmishda general Dostumga tarjimonlik qilgan.

Afg'oniston rahbariyatini korrupsiyani tozalashga chaqirayotgan Qo'shma Shtatlar pora yo'li bilan afg'on rasmiysi xizmatidan foydalangani xavotirga molik, deb yozadi gazeta. Obama ma'muriyati chindan ham korrupsiyaga qarshi kurashishni istaydimi, degan savol tug'iladi. Oq uy rasmiylarining bir qismi bu afg'on strategiyasida markaziy o'rin tutishi kerak, desa, boshqalarni "afg'on hukumatidagi poraxo'r rasmiylar qamalsa, AQSh kim bilan ishlaydi, ular Karzay hukumatiga qarshi birlashib, uni zaiflashtirishi mumkin" degan xavotir qiynaydi.

Prezidentning ukasi Ahmad Vali Karzay ham korrupsiya va AQSh razvedkasiga aloqadorlikda bir necha bor ayblangan, biroq unga qarshi chora ko'rilmagan. "Nyu-York Tayms" ga ko'ra, Markaziy razvedka boshqarmasi 2002-2009 yillarda afg'on razvedkasini 100 foiz moliyalagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG