Breaking News

Tahlilchilar: Karzay AQSh qo'shinlarining Afg'onistonda uzoqroq qolishini istaydi


Prezident Obama kelasi yil avgustidan boshlab askarlar Afg'onistondan chiqarila boshlaydi deb e'lon qilgani, kuzatuvchilar nazarida afg'on rahbarini tashvishga solgan.

AQSh qo'shinlari Iroqdan chiqarilib, butun diqqat Afg'onistonga qaratilar ekan, prezident Obama kelasi yildan boshlab u yerda ham jangovar missiyani tugatishga kirishamiz, demoqda.

Prezident Obamaning aytishicha, Amerika qo'shinlari kelasi yil avgust oyidan boshlab Afg'onistonni tark eta boshlaydi.

"Jarayon mamlakatdagi ahvolga qarab kechadi. Afg'onistonni qo'llab-quvvatlaymiz, biroq u yerda cheksiz qolish rejamiz yo'q. Bu hech bir mamlakat manfaatlariga xizmat qilmaydi", - deydi u.

Tahlilchilarga ko'ra, askarlarning Iroqdan chiqarilishi Eron, Pokiston va boshqa davlatlar uchun "AQSh mintaqada harbiy salohiyatini qisqartirayapti" degan ma'noni anglatadi.

AQSh harbiy kolleji xodimi Larri Gudsonning aytishicha, bundan Afg'oniston rahbari Hamid Karzay ko'proq tashvishda.

"Mintaqadagi davlatlar kuchlar muvozanati o'zgarishiga qarab siyosatini to'g'irlamoqda. Hammadan Karzayga qiyin bo'ladigan bo'ldi. Agar AQSh va NATO kuchlari shu bugunoq Afg'onistonni tark etsa, Karzay bir oyga ham yetmasligi mumkin", - deydi tahlilchi.

Yaqinda AQSh kongressmenlari bilan uchrashgan Karzayning aytishicha, Qo'shma Shtatlar qo'shinlarni chiqarishga sana belgilab, Tolibonni ruhlantirmoqda.

Larri Gudson deydiki, Karzay Amerika qo'shinlarini Obama rejalaganidan uzoqroq qoldirish harakatida.

"Karzay buning uchun barcha siyosiy usullarni qo'llashi mumkin. Unda bu borada tajriba katta", - deydi u.

AQShning Karzay bilan munosabatlari doim ham silliq bo'lmagan. Ayniqsa, so'nggi paytlarda. Afg'on rahbari xalqaro koalitsiya harbiy amaliyotlarida tinch aholi qurbon bo'layotganida Qo'shma Shtatlarni ayblab, tanqid qilgan, AQSh esa Karzayni hukumat ichida korrupsiyani yo'qotishga da'vat etishda davom etmoqda.

Vashingtondagi Amerika taraqqiyoti markazi tahlilchisi Brayan Katulisning aytishicha, Qo'shma Shtatlarda Hamid Karzay bilan ishlash uchun muayyan bir siyosat yo'q.

"Prezident Bush paytida ham, hozir ham shunday. Bir qarasak, Karzayga tanbeh berishdan toymaymiz, so'ng esa Vashingtonda poyandozlar solib uni kutib olamiz. Hech bir usulni samarali deb bo'lmaydi", - deydi u.

Afg'on va Iroq urushlari bir-biridan tubdan farq qilsa-da, strategiya deyarli ayni - mahalliy kuchlarni puxta tayyorgarlikdan o'tkazib, AQSh kuchlarining vatanga qaytishiga zamin yaratish. Aksariyat tahlilchilar afg'on kuchlari mamlakatni mudofaa qilishga hali beri tayyor bo'lmasa kerak, degan fikrda. Afg'onistonda toliblar bo'sh kelmayapti, ustiga-ustak qo'shni Pokistonda ham ular faol.

AQSh-Pokiston munosabatlari 2007-yilda jar yoqasida edi, biroq Obama prezident etib saylangach, Pokistonni o'z hududida jangarilarga qarshi shiddatliroq jang qilishga unday oldi.

Tahlilchi Brayan Katulisning aytishicha, Pokistonda aksil-terror siyosat kuchaydi.

"Bu AQShning Afg'onistondagi maqsadlariga erishishda muhim ijobiy rol o'ynaydi", - deydi Katulis.

Qishga borib toliblarning xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi hujumlari kamayishi kutilmoqda, biroq hozircha buning aksi. Kuzatuvchilar nazarida toliblar AQSh va ittifoqchilariga bosim qo'yishda davom etadi, toki ular mamlakatni tark etib, Tolibonning afg'on hukumati bilan davlat boshqaruvi bo'yicha biror kelishuvga erishishi osonlashishi uchun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG