AQSh harbiylari Afg'onistonda yutuqqa erishyapmiz desa, boshqalar buning aksini ta'kidlaydi

  • Amerika Ovozi

Qandahor viloyati

Qandahor viloyati

Oddiy afg'onlar, amerikalik jurnalistlar va xalqaro kuzatuvchilar nazarida ahvol hali ham og'ir. Prezident Obama afg'on strategiyasini dekabrda qayta ko'rib chiqishi kutilmoqda.

Afg'oniston janubida Tolibon mahkam o'rnashib olgan Qandahor viloyatida jangarilarga qarshi operatsiya ketayotgan bir paytda prezident Hamid Karzay hukumati toliblar bilan muloqot olib bormoqda.

Qo'shma Shtatlar rahbari esa dekabrgacha Afg'oniston bo'yicha strategiyani qayta ko'rib chiqishi kerak. Harbiylarda g'alabaga ishonch kuchli, tahlilchilar esa vaziyatga real qaraylik, demoqda.

Afg'oniston janubidagi Qandahor viloyatida NATO kuchlari Tolibon bilan jang qilishda davom etmoqda. AQSh harbiylari nazarida prezident Obama qo'shinlar sonini oshirib, to'g'ri ish qilgan. Prezidentning o'zi strategiya samarasini kelasi oy qayta baholaydi.

NATO brigada-generali Jozef Blotsning aytishicha, janglar shiddatli kechmoqda, maqsadga erishilganicha yo'q hali.

"Bunga vaqt kerak. Qandahorni jangarilardan butunlay tozalash uchun balki bir necha hafta, balki bir necha oy kerakdir", - deydi u.

Afg'onistondagi haqiqiy ahvolni Amerika matbuotidan bilish qiyin. Ba'zi axborot vositalari NATO muvaffaqiyatlarga erishyapti desa, boshqalar toliblar mag'lub bo'lmayapti, shunchaki hududni tashlab chiqyapti xolos, deya xabar beradi.

Yaqinda amerikalik ikki jurnalist Afg'onistonda bo'lib qaytdi. Biri "Vashington Post" gazetasi muxbiri Karen Deyang. Uning aytishicha, NATO har yonga tarqalib, jon saqlashga urinayotgan toliblar ketiga tushgan. Ularni havodan nishonga olmoqda.

"NATOga ko'ra bu taktika samara berib, toliblar ruhsizlanmoqda, ba'zilari shuning uchun ham muloqotga tayyor. Biroq muammo shundaki, jurnalist sifatida bizda buni isbotlovchi dalillar yo'q", - deydi muxbir.

Tolibonni yengish bir muammo, undan qiyinroq vazifa - mahalliy aholi ko'nglini ovlash.

Anna Badxen Afg'onistonga safar qilgan yana bir muxbir. Bir necha gazeta uchun yozadi. Uning aytishicha, ba'zi qishloqlarda odamlar toliblardan ko'ra, amerikaliklardan ko'proq hayiqadi. Badxen afg'onlardan shu haqda so'raganida, quyidagicha javob olgan.

"Menga "Tolibondan qo'rqmaymiz, men dindor odamman, besh mahal namoz o'qiyman. Rafiqalarimni ko'chaga chiqarmayman. Qo'rqqan joyim shuki, toliblar bu yerga kelsa, ortidan amerikaliklar ham keladi. So'ng uyimni tintuv qilib, qishlog'imga bomba tashlaydi, begunoh odamlarni o'ldirib, bolalarimni qo'rqitishadi" deb javob berdi", - deydi Anna Badxen.

Hamkasbi Karen Deyang jangarilar va afg'on hukumati o'rtasida kechayotgan muloqot natija berishiga ishonmaydi. Bu odamlarning Tolibonga qanchalik aloqadorligini bilmayman, deydi muxbir.

"Haqiqatan muloqotga chiqqan toliblar kelishuvni hayotga tadbiq etish vakolatiga ega odamlar nomidan gapiryaptimi, yo'qmi, ma'lum emas", - deydi u.

Anna Badxenning aytishicha, Tolibonga mafkura emas, pulni deb qo'shilgan yosh afg'onlarni to'g'ri yo'lga solish hukumat qo'lidan kelmaydi. Ayni damda, deydi jurnalist, toliblar Pokistondan qaytayotgan minglab afg'on qochqinlari safidan jangari yollamoqda.

"Qochqinlar Karzay hukumati ularni vatanga qaytishga da'vat etgani uchun qaytmoqda, ammo bu odamlarni yer va ish bilan ta'minlamasa, sog'lig'iga e'tibor bermasa, toliblar ularni o'z tarafiga og'diradi", - deydi Badxen.

Ba'zi tahlilchilar deydiki, nodavlat tashkilotlar, kuzatuvchilar, mahalliy aholi va, hattoki, yaqinda Afg'onistonda bo'lgan amerikalik jurnalistlar ahvol og'ir deb turgan bir paytda harbiylarning muvaffaqiyat haqida bong urishi ajablanarli hol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG