Breaking News

Prezident Obama afg'on masalasida partiyadoshlari xayrixohligini boy bermoqda


Prezident Obama afg'on masalasida partiyadoshlari xayrixohligini boy bermoqda
Prezident Obama afg'on masalasida partiyadoshlari xayrixohligini boy bermoqda

AQSh jamoatchiligi orasida urushni qo'llab-quvvatlayotganlar soni kamayib borar ekan, liberal demokrat qonunchilar ham askarlarni Afg'onistondan olib chiqishni talab qilmoqda.

Afg'onistonda barqarorlikni ta'minlashga harakat qilayotgan Qo'shma Shtatlar uchun so'nggi kunlar og'ir kechgan. Zo'ravonlik ko'lami kengayib, birgina iyul oyida 66 harbiy halok bo'ldi. AQShning Afg'onistondagi operatsiyalariga doir maxfiy hujjatlarning internetga chiqib ketishi Kongressda urushga qarshi bo'lgan qonunchilar orasida kampaniya mag'lubiyatga uchramoqda, degan xulosani kuchaytirdi.

Kaliforniya shtatidan demokrat-kongressmen Linn Vulsining aytishicha, urush Amerika xavfsizligini kuchaytirish o'rniga uni zaiflashtirmoqda.

Qonunchilardan 114 nafari, jumladan 102 demokrat, Afg'oniston va Iroqdagi urushlar uchun qo'shimcha mablag' ajratishga qaratilgan qonun loyihasiga qarshi ovoz bergan. Shunga qaramay, loyihani 308 deputat qo'llab-quvvatlagan. O'tgan yili 32 demokrat bu kabi qonunga qarshi chiqqan edi.

Prezident Obama va Oq uy ma'muriyati rasmiylari maxfiy hujjatlarning internetda paydo bo'lganini qoralab, bu xavfli va mas'uliyatsiz ish degan. Shu bilan bir qatorda hujjatlarning "Vikiliks" sahifasida chop etilishi AQShning Afg'onistondagi missiyasiga u qadar zarar yetkazmaydi, deydi rasmiylar. Chunki aksariyat materiallar eskirgan.

Prezident Obamaning partiyadoshlari orasida urushga qarshilik kuchayar ekan, davlat rahbari bu boradagi siyosatini amalga oshirishda yordamni asosan muxolif respublikachilardan olmoqda.

Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich prezident Obama afg'on masalasida bo'sh kelmasligi kerak, deydi.

"Afg'onistonda albatta g'alaba qozonish kerak. Aks holda mag'lubiyatimizdan radikal jihodchilar ruhlanib, g'arb sivilizatsiyasiga jiddiy zarar yetadi. Yirik davlatlar biror ishga qo'l urishdan oldin, puxta o'ylanishi lozim. Ammo ishni boshlab qo'ygach, uni oxirigacha yetkazish kerak", - deydi Gingrich.

Sobiq spiker 2012 yilda bo'ladigan prezident saylovlarida o'z nomzodini qo'yishi kutilmoqda.

Siyosiy so'rov natijalariga ko'ra, xalqning afg'on urushidan sabr kosasi to'lgan, uni qo'llab-quvvatlayotgan odamlar soni tobora kamayib bormoqda. Bundaylar aholining yarmidan kamini tashkil etmoqda xolos.

"Afg'on kampaniyasi muvaffaqiyat bilan yakunlangan taqdirda ham unga sarflangan pul, harakatlar, qurbonlarga arziydimi? Odamlarni asosan shu savol qiziqtiradi", - deydi Ogayo shtati universitetida ijtimoiy so'rov bo'yicha mutaxassis Jon Muller.

Kecha prezident Obama Atlanta shahrida urush faxriylari bilan uchrashib, joriy oy oxirigacha Iroqdan 90 ming qo'shinni olib chiqish qarorida qat'iy ekanini bildirgan.

Siyosiy tahlilchi Tom DeFrank nazarida ayrim liberal demokrat qonunchilar askarlarni Afg'onistondan ham chiqarishni talab qilib, prezidentga bosim qo'yadi.

Obama ma'muriyati qo'shinlar vaziyatga qarab kelasi iyuldan boshlab vatanga qayta boshlashi mumkin, deb aytgan. Davlat kotibining sobiq muovini Terezita Sheffer afg'on masalasi prezident va partiya uchun bosh og'riq ekanini aytadi.

"Bu katta siyosiy muammo. Jamiyatda urushga qarshilik kuchaymoqda. Kongressga saylovlar yaqinlashmoqda, 2012-yilda esa prezident saylovlari. Obama o'z partiyadoshlari bilan urush masalasida, muxolifatdagi respublikachilar bilan esa ichki masalalar bo'yicha kelisha olmayapti", - deydi Sheffer.

So'rov natijalari shuni ko'rsatadiki, saylovchilarni Afg'onistondagi urushdan ko'ra iqtisodiyot va ish o'rinlari ko'proq tashvishga solmoqda. Shu sabab Obama afg'on masalasida katta yutuqlarga erisha olmasa-da, ichki masalalarda ishni uddalashi shart.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG