AQSh Kongressi Afg'onistonda yordam dasturlarini qayta ko'rib chiqishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi Afg'onistonda yordam dasturlarini qayta ko'rib chiqishga chaqirmoqda

AQSh Kongressi Afg'onistonda yordam dasturlarini qayta ko'rib chiqishga chaqirmoqda

AQSh Kongressi Afg'onistonda amalga oshirilayotgan barcha yordam dasturlarini qayta ko'rib chiqishni hukumatga tavsiya qilmoqda. Davomiy taraqqiyotni ta'minlash hamda AQSh kuchlari vatanga qaytgach, iqtisodiy tanazzulning oldini olish uchun.

Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda yo'l va maktablar qurish, sog'liqni saqlash tizimini yo'lga qo'yish, qishloq xo'jaligini rivojlantirish uchun har oy 320 million dollar sarflaydi. Bu oyiga harbiy xarajatlar uchun ajratilayotgan 10 milliard dollarga qo'shimcha.

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi Afg'onistonga berilayotgan yordamni so'nggi ikki yil sinchkovlik bilan o'rganib, ko'p pul sarflanganini, ammo samarasi kamligini xulosa qiladi. Qo'shinlar Afg'onistonni tark etgach esa iqtisodiyot umuman qulashi mumkin, deyiladi hisobotda.

Shu sabab Kongress hukumatdan afg'on siyosati va sarf-xarajatlarni qayta ko'rib chiqishni so'ramoqda.

"Milliy xavfsizlik manfaatlarimiz Afg'onistondagi operatsiyaga uzviy bog'liq ekani haq gap. Ammo hozirgi sharoitda qo'shinlar soni va yordam hajmi bu manfaatlarga mutanosib emas. Buning uchun imkoniyatlarimiz ham yo'q", - deydi senator Kerri.

So'nggi ikki yilda pulning katta qismi sharqiy va janubiy hududlarda olib borilgan urushga sarflandi.

Obama ma'muriyati strategiyasiga ko'ra, Tolibondan tozalangan viloyatlarga iqtisodiy yordam yuboriladi, mahalliy aholi ko'nglini ovlash va xavfsizlik hissini uyg'otish uchun.

Kongress strategiya samarasini shubha ostiga qo'yadi.

Afg'onistonning AQShdagi sobiq elchisi Said Toyib Javadning aytishicha, xalqaro hamkorlar va Afg'oniston hukumati uzoq muddatli taraqqiyot dasturlarini rivojlantirish bilan birga barqarorlikni saqlashga harakat qilyapti.

Senat qo'mitasi hisobotida aytilishicha, Obama ma'muriyati Afg'onistondagi siyosati ish berayotganini isbotlash uchun natijaga chanqoq, ammo beqarorlik, qashshoqlik va korrupsiya bois shuncha pul sovurilmoqda.

Kobullik tahlilchi Umar Sharifiy masalaning ijobiy tomoniga qaraydi.

"Yo'lga qo'yilayotgan kamchiliklarga qaramasdan mamlakatda infratuzilma barpo etilmoqda. Bu juda ham muhimdir. Tariximizda hali bo'lmagan", - deydi mutaxassis.

Hisobot xulosasiga ko'ra, agar xalqaro hamjamiyat Afg'onistonga yordamni to'xtatsa, mamlakat jiddiy iqtisodiy yanazzulga yuz tutishi mumkin.

Sobiq elchi Said Toyib Javad ham shunday fikrda.

"Chuqur depressiyaga tushmaymizu, ammo iqtisodiy karaxtlik bo'lishiga aminman. Ko'rpaga qarab oyoq uzatishga to'g'ri keladi. Ochig'i, Kobulda ba'zi odamlarning maoshiyu, ko'chmas mulk qiymati me'yoridan ancha oshib ketgan", - deydi Javad.

Davlat departamentining hisobotga munosabati shuki, Afg'oniston taraqqiyotni o'z qo'liga olishi lozim. Ayni damda mahalliy yordam dasturlari kengaymoqda. AQShning Iroqdagi sobiq elchisi, yaqinda Afg'onistonga elchi etib tayinlanib, Senat tasdig'ini kutayotgan Rayan Kroker shunday deydi.

"Ish oson bo'ladi deb hech ham o'ylayotganim yo'q. Iroqda bunga guvoh bo'lganman. Afg'onistonda bundanda qiyin bo'lishiga shubha qilmayman", - deydi AQSh diplomati.

Senat hisobotida aytilishicha, Qo'shma Shtatlar 2014-yilda Afg'onistonda harbiy kampaniyani tugatishidan oldin ko'p yillik yordam strategiyasini ishlab chiqishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG