Afg'onistondagi xurujda yordam tashkilotining to'qqiz xodimi o'lgan

  • Amerika Ovozi

Balx viloyati, Afg'oniston

Balx viloyati, Afg'oniston

Bugun Afg'oniston shimolidagi Balx viloyatida noma'lum qurollangan shaxslar gumanitar tashkilotning to'qqiz xodimini otib o'ldirgan. Voqea tunda ro'y bergan, qurbonlardan biri ayol. Ular qishloq xo'jaligi sohasida faoliyat yurituvchi "Muhtoj insonlar" tashkilotida ishlar edi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, Afg'onistondagi mojaroda tinch aholi orasida talafotlar ko'paymoqda. Balxdagi voqea ortida kim turgani ma'lum emas, biroq so'nggi kunlarda Tolibon hukumat kuchlari va inshootlariga hujumlar uyushtirgan.

Aprel oyida toliblar viloyat poytaxti Mozori Sharifda viloyat prokurori idorasiga harbiy formada hujum qilgan edi. 10 kishi, aksariyati oddiy odamlar, o'lgan.

Kecha mamlakat Prezidenti Ashraf G'ani Hirot viloyatida bo'lib, xavfsizlik idoralari mutasaddilari bilan uchrashgan.

“Afg'on xalqi dushmanlari shimoliy viloyatlar tinchini buzib, iqtisodiy loyihalarni izdan chiqarmoqchi", - dedi u.

So'nggi izlanish natijalariga ko'ra, Afg'onistonda 2001-yildan beri mojaroda salkam 100 ming odam o'lgan, yana shunchasi jarohat olgan. Raqamlar ustida AQShdagi Braun universiteti ishlagan.

Hisobotga ko'ra, qo'shni Pokistonda ham jangarilarga qarshi kurash qimmatga tushgan - xuddi shu davr mobaynida qariyb 57 ming odamning yostig'i qurigan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG