Afg'on jangarilari bolalarni terrorga o'rgatmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'on jangarilari bolalarni terrorga o'rgatmoqda

Afg'on jangarilari bolalarni terrorga o'rgatmoqda

Afg'onistonda vaziyat o'zgarar, jangarilar qattiq bosim ostida ekan, toliblar sharoitga moslashishga, jang usullarini o'zgartirib borishga harakat qilmoqda. Masalan, ayollarning kiyimini kiyib, bombani sallaning ostiga yashirib xuruj qilishadi.

So'nggi paytda esa bolalarni suiqasd xurujlariga majburlashmoqda. "Amerika Ovozi"ning muxbiri Betani Matta yaqinda janubdagi Qandahor shahriga safar qilib, pokistonlik bir bolakay bilan shu haqda suhbatlashdi.

Uning ismi Ali Ahmad. Yoshi 13 da.

"O'qishni istayman, ammo meni umuman boshqa narsalarga o'rgatishmoqda", - deydi u.

"Har xil qurollardan foydalanishni o'rgatishdi. Knopkani bossam, shahid bo'lishimni aytishdi. Evaziga ko'p pul va'da qilishyapti".

Alining ota-onasi yoshligida o'lib ketgan. Yaqingacha ukasi bilan tog'asining Pokistondagi uyida yashayotgan edi. Uch oy burun qochib ketdi.

"Chegarada uch kishini uchratib qoldim. Ish so'radim. Keyin ularga ergashdim. Sal o'tmay meni ushlab, ko'zimni, qo'l-oyoqlarimni bog'lab, qayergadir olib borishdi. Mashg'ulot markazi ekan, 20 kun meni tayyorlashdi", - deydi bolakay.

Shundan keyin jangarilar Aliga AQSh kuchlarining Spin Boldakdagi bazasini ko'rsatib, o'sha yerda o'zingni portlatasan, deyishdi.

"Shu ishni qilsang, shahid bo'lasan; bir amerikalikni o'ldirsang ham jannatga tushasan, deyishdi. Men ham o'lamanku desam, qo'rqma, joning halovat topadi, deyishdi", - deydi Ali.

Bolakay bomba portlasa, o'zidan boshqa begunoh insonlarning ham o'lishini bilib, qochish payiga tushganini aytadi. Bu o'rtada qo'ni-qo'shnilar undan shubhalanib, Alini politsiyaga topshiradi.

Qandahor rasmiylarining aytishicha, toliblar askarlar bilan yuzma-yuz jang qilmay qo'ygan. Suiqasd xurujlariga o'tib, bu ishni ko'proq bolalarga yuklaydi.

Politsiya boshlig'i general Abdul Roziqning aytishicha, bu yangi usul.

"Bolalarga bu ish uchun ikki dollarcha va'da qilib, ularni o'limga yuborishadi. Detonator esa boshqa bir odamning qo'lida bo'ladi. Bolalar nima bo'lishini bilmay tank yoki politsiya mashinasining yoniga borganida, bomba harakatga keltiriladi. Ko'plarini "tirik qolasan" deb aldashadi. Bolalar gapni ikki qilmaydi, kattalar esa o'lishni, o'zini portlatishni istamaydi", - deydi Qandahor politsiyasi rahbari.

Tolibon bolalar bilan ish qilmaymiz, axir ularni bunday yo'l bilan o'limga mahkum qilish islomga zidku, deydi.

Ali Ahmad hozirda razvedka qo'lida. Taqdirining nima bo'lishi ma'lum emas. Na oilasi bor na uyi. Bolalar uyi uni qabul qilishdan bosh tortyapti.

Ali ukamdan xavotirdaman, bolaligimni qo'msayman, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG