AQSh elchisi Rayan Kroker: Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'ymaymiz

  • Amerika Ovozi

Rayan Kroker, AQSh elchisi

Rayan Kroker, AQSh elchisi

Afg'oniston notinch. AQSh va NATO qo'shinlarini 2014-yilgacha chiqarishni rejalar ekan, joriy yilda AQSh elchisi etib tayinlangan Rayan Krokerning aytishicha, Amerika Afg'onistonni o'z holiga tashlay qo'ymaydi.

Rayan Kroker urush zonasida eng ko'p vaqt o'tkazgan diplomatlardan. 2001-yilda Kobulda AQSh elchixonasining ochilish marosimida ishtirok etgan. So'ng Pokiston va Iroqda elchilik qilib, general Deyvid Petreus bilan yonma-yon ishladi.

2001-yil kuzida ham mojaro zonasida edi, desak mubolag'a bo'lmaydi. 11-sentabr kuni Kroker Nyu-Yorkda edi.

"O'sha voqeani deb hayotim va diplomatik faoliyatimda keskin burilish yuz berdi. So'nggi 10 yilning yarmini mintaqa davlatlarida o'tkazdim. Hozir ham o'sha yerdaman. Chunki uch ming odamning yostig'ini quritgan xurujlarning takrorlanishini istamayman", - deydi diplomat.

Urush boshida Qo'shma Shtatlar Tolibon va al-Qoidani mag'lub etishni asosiy maqsad qilib, Afg'onistonda davlatchilikni yo'lga solish bilan shug'ullangisi kelmagan.

Biroq bir necha yildan so'ng Amerika Afg'onistonni qarovsiz, siyosiy vakuumda, boshqaruv idoralarisiz qoldirish mumkin emasligini, aks holda toliblar Pokistondagi qo'nimgohlaridan qaytib, mamlakatni yana harob qilishini anglab yetdi.

Afg'oniston sobiq tashqi ishlar vaziri, so'nggi saylovlarda prezident Hamid Karzayning asosiy raqibi bo'lgan doktor Abdulla Abdullaning aytishicha, afg'onlar va xalqaro hamjamiyat boshida bir-birini yaxshi tushunmagani bois ko'p imkoniyatlar boy berildi. Jangarilarning Pokistondagi bazalari e'tiborsiz qoldi, mamlakatda va, xususan, afg'on hukumatida korrupsiya kuchaydi.

"Mana shu omillarni deb 10 yildan beri bir joyda toptalyapmiz. 10 yil institutlarning oyoqqa turishi uchun yetarli davr edi", - deydi Abdulla.

Kuzatuvchilar fikricha, Qo'shma Shtatlar urush boshida Tolibonga qarshi kurashgan guruhlar qo'mondonlarini moliyaviy tomondan qo'llab-quvvatlab, ular sodir etayotgan qonunbuzarliklarga ko'z yumib, korrupsiya muhitini keltirib chiqardi.

Afg'oniston dunyoda qashshoq davlatlardan biri ekan, elchi Krokerning aytishicha, bunday davlatlarda institutlarni tiklash yoki barpo etish oson emas va ko'p vaqt oladi.

"Sabrli bo'lish kerak. Afg'onistonda ham, Iroqda bo'lgani kabi, nafaqat hokimiyat, balki tuzum yangilandi, inqilob bo'ldi. Vazirliklar bir kunda yoki 10 yilda ishga tushib ketmaydi. Ularni rivojlantirish uchun vaqt kerak. Korrupsiyaning bo'lishi tabiiy holat va unga qarshi jiddiy kurashish kerak", - deydi elchi Kroker.

NATO va AQSh 2014-yilda qo'shinlarini Afg'onistondan olib chiqishga hozirlanar ekan, ayrimlar nazarida toliblar ularning ketishini poylamoqda. Doktor Abdullaning aytishicha, o'tmishda Sovet qo'shinlari Afg'onistonni shoshilinch bilan tark etishi ham, NATO ketganidan keyin nima bo'lishi haqida aniq tasavvurning yo'qligi ham Tolibonga qo'l kelmoqda.

"Sovetlarning bir kechada mamlakatni tark etishi, oxirgi askari, oxirgi tanki afg'on xalqining esidan chiqqani yo'q hali. Karzay ma'muriyati hozirgi reja haqida xalqqa aniq ma'lumot bermayapti. Odamlardan so'rasangiz, kimdir xalqaro kuchlarning butunlay chiqib ketishini istaydi, kimdir esa doimiy bazalar qolsin".

Sovetlardan so'ng yuzaga kelgan bo'shliq va fuqarolik urushining takrorlanmasligi uchun G'arb, Iroqdagi kabi, mahalliy kuchlar tayyorgarligi ustida ishlamoqda.

Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'ymaymiz, bunga bor kuchimni sarflayman, chunki oqibati qanday bo'lishini hamma yaxshi tushunadi, deydi elchi Kroker.

"Ishni yakunlanmasdan oldin, afg'on xavfsizlik kuchlarini tayyorlamay turib ketsak, Tolibon qaytib kelishi mumkin. Shuncha sabr qildik, davlatimiz, xalqimiz yana bir oz sabrli bo'lib, Afg'oniston va qo'shni Pokistonda ishni poyoniga yetkazishimizga imkon berishi kerak, toki boshimizdan o'tgan xurujlar takrorlanmasin", - deydi AQSh elchisi.

Xurujlardan 10 yil o'tganiga qaramay, Afg'onistonda xizmat qilayotgan amerikaliklar nazarida aynan o'sha fojia ularga bu ishda kuch-quvvat bag'ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG