Afg’onistonda asosiy e’tibor xavfsizlikda, siyosiy taraqqiyot sust

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Afg’oniston va AQSh rahbarlari 2014-yildan keyingi vazifalarni belgilovchi strategik hamkorlik bitimi imzoladi. Xalqaro koalitsiya Afg’onistonda bajarayotgan ishlarning aksar qismi xavfsizlik bilan bog’liq. Siyosiy taraqqiyot esa sust.

Stragetik kelishuvga ko’ra, AQSh afg’on armiyasi va politsiyasi malakasini oshirish, jihozlash va moliyalashda davom etadi. Davlat boshqaruvini yaxshilashda ham ko’proq ko’mak va’da qilingan.

Afg’onistonning AQShdagi sobiq elchisi Said Toyib Javodning qayd etishicha, huquq-tartibotga e’tibor katta. Siyosiy institutlarni mustahkamlash ishlari esa ancha orqada qolib ketdi.

“Mas’uliyatni afg’on xavfsizlik kuchlariga topshirish hamda iqtisodiy islohotlar jadalroq olib borilyapti. Lekin siyosiy maydonda o’zgarish yo’q”, - deydi u.

Afg’oniston hukumatining hozirgi tuzilishi 2001-yilgi Bonn shartnomasida belgilangan edi. Tolibon hokimiyati ag’darilganidan keyin qabul qilingan bu hujjatda prezidentlik tizimi, parlament va adliya haqida so’z boradi. Biroq hammaga ma’lumki, korrupsiyaga botgan afg’on hukumati G’arbning ko’magi bilan ham mamlakatning katta qismlarini nazorat qilishga ojiz.

AQSh Armiya oliygohi professori Larri Gudson tahlilicha, NATO xavfsizlikni birinchi o’ringa qo’yishi tabiiy, chunki bu strategiya xorijiy qo’shinlarga Afg’onistonni tark etish imkonini beradi.

“Buning uchun Afg’oniston armiyasi muayyan talabga, NATO andozalariga javob berishi kerak. Hukumati layoqatlimi, mamlakatni boshqara oladimi-yo’qmi, bu boshqa masala”, - deydi professor.

Bonn shartnomasi ma’qullanganidan beri Afg’onistonni Hamid Karzay boshqarib kelmoqda. Uning vakolat muddati koalitsiya mamlakatni tark etayotgan bir paytda, ya’ni 2014-yilda tugaydi. Karzayning uchinchi bor prezidentlikka saylanishi mumkin emas. Ammo uning o’rniga kela oladigan biror arbob maydonga chiqqani yo’q. Bunga bir sabab yoshlar, yangi avlod hokimiyatga yaqinlashtirilmayotganidir.

Siyosiy partiyalar Afg’oniston taraqqiyotiga hissa qo’shayotgani sezilmaydi. AQSh sobiq diplomati Mayk Malinovskiy izohicha, xalq partiyalarga ishonmay qo’ygan, chunki 1990-yillarda Tolibonni hokimiyatga keltirgan fuqaro urushida ularning roli katta bo’lgan.

“Aksar afg’onlar partiya deganda Afg’oniston demokratik partiyasi, ya’ni kommunist guruh va uning fraksiyalari, yoki Pokistonda tuzilgan tanzim tizimi haqida o’ylaydi. Ularga ishonch yo’q”, - deydi Malinovskiy.

Ayni paytda AQSh Tolibonning murosaga moyil a’zolari bilan muzokara qilayotgani ma’lum. Lekin ular nima istaydi? Sobiq elchi Said Javod fikricha, Tolibon hokimiyatni bo’lishishga rozi, ammo sudyalik kursilari uning a’zolariga tegishini talab qiladi.

“Tolibonning hukumatga qo’shilish niyati bor, lekin qanday va qay shaklda? Koalitsiya tuzishga rozi bo’lishadimi? Bu muzokara orqali hal etilgan taqdirda ham, qarorlar ijrosini nazorat qilish mexanizmi bo’lishi kerak. Aks holda, ular so’zidan qaytishi hech gap emas”, - deydi sobiq diplomat.

Sherad Kuper-Kouls, Britaniyaning Afg’onistondagi sobiq elchisi, Tolibon bilan bir davrada o’tirib, dangal muzokara qilish tarafdori. Aynan shu masalada o’z hukumati bilan kelisha olmay, 2010-yilda lavozimidan ketib, kitob yozgan. Uning fikricha, Hamid Karzay ma’muriyati toliblar bilan va qo’shni davlatlar bilan kelishib olsagina Afg’onistonda barqarorlik haqida gapirsa bo’ladi.

“Avvalo bu davlat konstitutsiyasi isloh qilinishi kerak. Dushman bilan, Tolibon va jangarilar hamda qo’shnilar bilan murosa qilmoq lozim. Xorij zobitlari kelasi ikki yil ichida jang maydonini tark etganidan so’ng tinchlik qaror topishi uchun muhim qadamlar”, - deydi “Kobuldan maktublar” kitobi muallifi.

Shu oy oxirida NATOning Chikago shahrida o’tadigan majlisida Afg’oniston yana bosh mavzu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG