Afg'on iqtisodiyoti kelajagi qo'shni davlatlar bilan hamkorlikka bog'liq


Kobul bozori, Afg'oniston

Kobul bozori, Afg'oniston

Jons Xopkins universiteti Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Fred Star fikricha, Afg’onistonda iqtisodiyotni rivojlantirmasdan turib siyosiy barqarorlik va xavfsizlikka erishib bo’lmaydi. Afg’oniston muammosining uchta muhim tomoni bor, deydi u.

“Siyosat, xavfsizlik va iqtisodiyot. Bularning qaysi biri muhimroq, ishni qaysi biridan boshlash kerak? Bizning izlanishlarimiz shuni ko’rsatyaptiki, iqtisodiy taraqqiyotsiz xavfsizlikka erishish mumkin emas. Shuningdek, iqtisodiyot rivojisiz siyosiy barqarorlik ham bo’lmaydi”, - deydi olim.

2008-2010-yillar davomida Afg’oniston Tijorat vaziri o’rinbosari bo’lib ishlagan, hozirda Jons Xopkins universitetida ilmiy izlanish olib borayotgan Adib Farhodiy yaqinda Fred Star bilan birgalikda Afg’oniston iqtisodiyotiga oid ilmiy qo’llanma chop etdi. Unda uzoq yillik urushdan jabr ko’rgan mamlakatni qayta oyoqqa turg’azish uchun muhim amaliy tavsiyalar berilgan.

Ma’lumki, xalqaro kuchlar Afg’onistonni 2014-yil oxirida tark etadi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

“Eng katta muammo bu xalqaro yordam miqdorining kamayishi emas, balki mamlakat ichida turli tovar va xizmatlarga talabning keskin tushib ketishidir. Shu vaqtgacha bu yerda ko’p sonli xalqaro askarlar afg’on bozorida asosiy iste’molchilar edi. Ular ketishi bilan Afg’oniston mahsuloti va xizmatlariga talab tushib ketadi. Bu iqtisodiyotga ham, xavfsizlikka ham, siyosiy barqarorlikka ham birdek tahdid soladi”, - deydi amerikalik tadqiqotchi.

Fred Star va Adib Farhodiy o’z kitobida Afg’oniston iqtisodiyotini yaxshilash bo’yicha yetti tavsiyani olg’a suradi. Ular, asosan, mamlakat ichida va region bo’ylab savdo va tijoratni rivojlantirish masalalarini o’z ichiga oladi.

“Afg’oniston va Pokiston o’rtasida transport va savdo kelishuviga erishish juda muhim. Chegaralararo savdoni, qo’shnilar bilan iqtisodiy aloqalarini ham kuchaytirish kerak”, - deydi Star.

Afg’onistonlik iqtisodchi, sobiq hukumat vakili Adib Farhodiyga ko’ra, qo’shni o’lkalar ham bunda faol ishtirok etmasa bo’lmaydi.

“Bundan roppa-rosa 10 yil muqaddam regiondagi olti mamlakat yaxshi qo’shnichilik aloqalarini o’rnatish va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Kobul deklaratsiyasini qabul qilgan edi. O’tgan yili Istanbulda o’tgan xalqaro anjumanda ham Afg’oniston iqtisodiyotining kelajagi davlatlar o’rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka bog’liq ekani ta’kidlandi”, - deydi Farhodiy.

“Hukumat asosiy e’tiborini afg’on milliy iqtisodiyotini rivojlantirishga, iqtisodiy siyosat va loyihalar ishlab chiqishga qaratayotgan bo’lsa ham, 2005-yildayoq biz Afg’onistonni mintaqaning muhim savdo va transport yo’lagiga aylantirish strategiyasini ishlab chiqqan edik. Tokioda o’tgan xalqaro anjumanda ham shu masalaga yana bir bor urg’u berildi. Ayniqsa, mamlakatda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi”, - deya so’zida davom etadi tadqiqotchi.

Afg’onistonning urushdan keyingi kelajagini qurishda Vashington “Buyuk Ipak yo’li” deya atalayotgan iqtisodiy hamkorlik loyihasini olg’a suradi. Osiyoga yuzlanish bo’yicha yangi strategiyamizda ham bu mintaqa muhim o’rin egallaydi, dedi Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari byurosi vakili Jeff Payat.

“Ipak yo’li loyihasi AQShning Yevrosiyo siyosatini belgilashda muhim o’rin tutadigan markaziy omillardan. Men ishlaydigan Janubiy va Markaziy Osiyo byurosi kelajakda qilishi lozim bo’lgan eng muhim vazifalar shu mintaqa bilan bog’liq. AQSh diplomatik sa’y-harakatlarini bu yo’nalishga qanday boshlash haqida biz ko’p izlanyapmiz. AQSh tashqi siyosatida Osiyoga ko’proq e’tibor berilayotgani ham shundan”, - dedi rasmiy.

O’tgan yili boshlangan Istanbul muloqoti natijalaridan biri shuki, BMT rahnamoligida Afg’oniston mustaqilligi, hududiy daxlsizligi va iqtisodiy taraqqiyotini qo’llab-quvvatlash hamda shu maqsadda mintaqadagi davlatlar o’rtasida iqtisodiy va diplomatik aloqalarni kuchaytirish kabi bir qator masalalar bo’yicha xalqaro kelishuvga erishilgan. Obama ma’muriyati ham tashabbusni qo’llab-quvvatlamoqda.

“Navbatdagi yig’in aprel oyida Qozog’istonda bo’ladi. Biz hozir Qozog’iston hukumati bilan qilinishi lozim bo’lgan ishlar yuzasidan muzokara olib boryapmiz. Mintaqa davlatlarining Afg’oniston xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash yo’lida olib borayotgan barcha sa’y-harakatlarini biz to’la qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi Jeff Payat.

Bizning maqsad va qiziqishlarimiz faqat Afg’oniston bilan cheklanmaydi, deya gapida davom etadi AQSh rasmiysi.

“Mintaqada integratsiyaning chuqurlashuvi, davlatlarning yaqin hamkorlikda ishlashi, biznes va erkin savdo muhitining yaratilishi biz Janubiy va Markaziy Osiyoda ko’rishni istaydigan o’zgarishlardir. Bulardan nafaqat Afg’oniston, balki butun region birdek manfaat topadi”, - deydi Payat.

Jons Xopkins universitetida o’tgan anjumanda tadqiqotchilar ham, rasmiylar ham bir mavzuga jiddiy urg’u berdi – mintaqa davlatlari orasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalasiga. Mamlakatlar uchun birdek manfaatli bo’lgan iqtisodiy va savdo munosabatlarini o’rnatish, shubhasiz, Afg’onistonni urush davridan olib chiqishda katta ahamiyatga ega.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG