Breaking News

Afg'onistonda yangi prezident saylovlarning ikkinchi bosqichda ma'lum bo'ladi


Saylov uchastkasi, Afg'onistonning Hirot viloyati, 5-aprel, 2014-yil
Saylov uchastkasi, Afg'onistonning Hirot viloyati, 5-aprel, 2014-yil
Afg’onistonda 5-aprel kuni o’tgan prezident saylovlarida berilgan ovozlarga ko’ra, sakkiz nomzoddan hech biri mutlaq ko’pchilik ovozlarni qo’lga kirita olmagan. Ikki peshqadam Abdulla Abdulla va Ashraf G’ani keyingi bosqichda o’zaro bellashadigan ko’rinadi. Yangi saylovlar iyungacha o’tkazilishi kerak.

Afg’oniston mustaqil saylov komissiyasining bildirishicha, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla 45 foiz ovoz to’plagan, sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani esa 32 foiz.

Komissiya rahbari Ahmad Yusuf Nuristoniyning aytishicha, jarayonda 12 million saylovchidan yetti millioni ishtirok etgan. Ovozlarning barchasi hisoblab bo’lingan. 14-may kuni yakuniy natijalar e’lon qilinishi kutilmoqda. Ungacha esa tushgan shikoyatlar ko’rib chiqilishi lozim. Shundan so’ng qonun bo’yicha 14 kun ichida saylovlarning ikkinchi bosqichi o’tkazilishi kerak.

Bu vaqt ichida, deydi Nuristoniy, xavfsizlik choralari va boshqa tashkiliy masalalar ko’riladi.

"Menimcha, saylov yaxshi o’tdi. Qanday kechganidan, natijadan ko’nglimiz to’q. Ikkinchi bosqichga tayyormiz. Uning qachon o’tkazilishini taxminan bilamiz", - deydi komissiya raisi.

Ikkinchi bosqich g’olibi amaldagi prezident Hamid Karzayning o’rnini egallaydi. Karzay Afg’onistonni 2001-yil oxiridan beri boshqarib keladi. Konstitutsiyaga ko’ra, u uchinchi muddatga saylana olmaydi.

AQSh hukumati yangi prezidentdan xavfsizlik bitimining imzolanishini kutmoqda. Aks holda yil oxirigacha mamlakatda birorta xorijiy qo’shin qolmasligi mumkin. Karzay hujjatni imzolashdan bosh tortib, Obama ma’muriyati bilan so’nggi paytlarda munosabatlari sovuqlashgan edi.

Oz sonli Amerika qo’shinlari mahalliy xavfsizlik kuchlarining tayyorgarligi bilan shug’ullanadi va ularga ba’zi paytlarda jangovar amaliyotlarda yordam beradi.

Abdulla ham, G’ani ham AQSh bilan aloqalarni yangilashni, xavfsizlik bitimini imzolashni va’da qilgan.

Qo’shma Shtatlarning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Jeyms Dobbins Kobuldagi siyosiy o’zgarishlardan so’ng ikki davlat munosabatlariga umid bilan qaramoqda.

“Bitim shu kungacha imzolanmaganidan norozimiz. Saylov kampaniyasi vaqtida nomzodlarning barchasi prezidentlikka saylansa uni imzolashini aytgan. Aminmizki, shunday bo’ladi”, - deydi Dobbins.

Amerikalik diplomatning bildirishicha, AQSh qo’shinlari Afg’onistondan butunlay chiqib ketmoqchi emas.

"Mamlakatni tark etish haqida o’ylayotganimiz yo’q. Albatta, agar Afg’oniston harbiylarimizning qolishini istamasa, boshqa ilojimiz bo'lmaydi, majburlash yo’q. Biroq afg’on xalqi, mamlakat siyosiy doiralari va prezidentlikka nomzodlarning barchasi Amerika va xalqaro kuchlarning qolishini istaydi. Xalqaro hamjamiyat Afg’oniston bilan barcha jabhalarda faol hamkorlik qiladi. Afg’oniston taraqqiyotining istiqbolidan umidvormiz", - deydi Dobbins.

BMTning Afg’onistondagi missiyasi saylovlarning dastlabki natijalarini olqishlab, jarayonning har qachongidan shaffof o’tganini aytdi. BMT rasmiylari saylov komissiyasi va shikoyatlarni o’rganuvchi guruhni da’volarni xolisona ko’rib chiqib, saylov jarayoniga bo’lgan ishonchni kuchaytirishga chaqirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG