Breaking News

Afg’oniston xalqi parlamentga ovoz berar ekan, mamlakat bo’ylab xurujlar


Tolibon do'q-po'pisasiga qaramasdan, afg'onlar bugun parlamentga ovoz berdi. Saylovda qatnashganlarni nishonga olamiz deb ogohlantirgan jangarilar mamlakat bo'ylab xurujlar uyushtirib, 14 kishini o'ldirgan.

Bag’lan, Kunar, Taxor viloyatlarida, shuningdek poytaxt Kobulda saylov uchastkalari ochilishi arafasida portlashlar yangradi. Saylov arafasida Tolibon 19 kishini, jumladan deputatlikka nomzodni garovga olgan.

Volisi jirg’a, afg’on qonunchilik organining quyi palatasidagi 249 o’ringa 2500 ga yaqin fuqaro da’vogar. 68 deputatlik o'rni ayol nomzodlarga ajratilgan.

Kobul ko’chalari va bozorlari gavjum. Jamoatchilik saylovdan umidvor, lekin odamlar Tolibonning qo’li hali ham ko’p narsaga yetadi deydi. Jangarilar ovoz berish markazlarini nishonga olishi haqida ogohlantirgan edi. Ayol nomzod bo’lsangiz, undan-da xavfli.

Prezident Hamid Karzay vatandoshlarini “yurt kelajagi o’z qo’limizda, kelib ovoz bering” deb da’vat etgan. Fozil Ahmad Manaviy, Afg’oniston Mustaqil Saylov Komissiyasi raisi deydiki, mamlakat bo’ylab tashkil etilgan 5800 saylov uchastkalarining 92 foizi eshiklarini ochdi.

Saylovda ovoz berish huquqiga ega 10 million fuqarodan taxminan 40 foizi qatnashgani aytiladi.

Tinchlikni saqlash uchun xalqaro koalitsiya qo'shini yordamida 250 ming politsiyachi va askarlar safarbar etildi.

BMT va AQSh rasmiylari saylov murakkab bir sharoitda o’tgani, jarayon kamchiliklardan xoli bo’lmaganini tan oladi. Mamlakatning turli qismlarida ovoz berish huquqini beruvchi qalbaki guvohnoma-hujjatlar musodara qilingan. Hirot viloyatida esa saylov byulletenlarini olib ketayotgan mashina portlagan.

Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash eng og’ir masala. “Qolgan muammolarni bartaraf etishga qodirmiz”, deydi rasmiylar.

“Mamlakatda urush ketayotgan bir sharoitda saylov 100 foiz demokratik o’tishini ta’minlash mushkul”, -deydi Richard Xolbruk, AQShning mintaqadagi elchisi. Pokistonda matbuot anjumanida so’zlagan Xolbruk parlament saylovlarini Afg’onistonga tinchlik olib kelish yo’lidagi muhim qadam deya ta’riflagan.

Region va dunyo tinchligi uchun eng katta tahdid, deydi u, afg’on-Pokiston chegarasida yashiringan jangarilardan kelmoqda.

Muxolifat yetakchisi Abdulla Abdulla saylov oshkora, adolatli o’tganiga ishonmaydi.

“Odamlardan so’rasangiz, hech kim bu saylov demokratik o’tadi degan fikrda emas. O’tgan prezident saylovlarida bo’lgani kabi bu safar ham katta xatolarga yo’l qo’yiladi va ularga ko’z yumiladi. Jarayonni oydinlashtirish, to’g’rilash uchun hech narsa qilinmayapti”, - deydi Abdulla Abdulla.

Parlament saylovlari demokratik me’yorlarga binoan tashkil etilmoqda deb qanchalik bong urilmasin, xalqaro tashkilotlar ham jarayonni o’ta murakkab deya baholagan.

Qishloq va tumanlardagi vaziyatni nazorat qilish qiyin. Tanish-bilishchilik, mahalliy mentalitet, qo’rquv, savodsizlik, qabilaviy qo’mondon va oqsoqollar, uyushgan jinoiy guruhlar, mafia… Bular saylov natijasiga katta ta’sir ko’rsatadi, deydi mutaxassislar. Bunday ravishda saylangan yangi qonunchilardan nima kutish mumkin?

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bu muammolarning barchasini tan olmoqda, ammo saylov o’zgarish olib kelishiga ishonchi komil. Qolaversa, deydi u, Tolibon saylovga raxna solib ko’p narsaga erisha olmaydi.

Geyts fikricha bu safar Afg’oniston saylovga oldingilariga qaraganda ancha pishiq tayyorlangan. “Biz har tomonlama yordamni ayamayapmiz”, - deydi u.

Jarayon bexato bo'lmasligi aniq, deydi AQSh Mudofaa vaziri, lekin afg’on xalqi kelajak o’z qolida ekanini tushunib yetgan. Tolibon uchun bu achchiq haqiqat, deydi u, qanchalik tahdid qilmasin, odamlarni hukumatga qarshi qayramasin, aksariyat afg’onlar unga ergashmaydi.

Amaldagi rejaga ko’ra, Amerika bu mamlakatdan o’z qoshinlarini kelasi yoz olib chiqa boshlaydi. Saylov natijalari kelasi oy ma'lum bo'ladi.

XS
SM
MD
LG