Afg'onistonda prezidentlikka nomzod Ashraf G'ani so'rovda oldinda

  • Amerika Ovozi

Ashraf G'ani Ahmadzoi Afg'onistonda prezidentlikka nomzodlardan

Ashraf G'ani Ahmadzoi Afg'onistonda prezidentlikka nomzodlardan

Afg'onistonda o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, saylovchilarning 29 foizi prezident saylovlarida Ashraf G'aniga ovoz berishga tayyor. 24 foizi esa ikkinchi o'rinda ketayotgan sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdullani qo'llab-quvvatlashini bildirgan.

Ashraf G'ani sobiq moliya vaziri bo'lib, afg'on o'zbeklarining sardori general Abdul Rashid Do'stum bilan juftlikda saylovda qatnashadi. Do'stum Junbesh milliy partiyasining yetakchisi bo'lib, birinchi vitse-prezidentlikka nomzod.

Amaldagi rahbar Hamid Karzayning ukasi Qayum Karzay ham saylovda qatnashish uchun ro'yxatdan o'tgan. So'rov natijalariga ko'ra, u salkam 10 foiz bilan uchinchi o'rinda, professor Abul Rasul Sayyof va yana bir sobiq tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul esa olti foiz bilan to'rtinchi va beshinchi o'rinlarda.

O'tgan hafta o'tkazilgan boshqa bir so'rov natijalariga ko'ra, afg'onlarning 86 foizida prezident Karzayga ishonch bor. Ammo shunga qaramay, bu gal so'ralganlardan 85 foizi Karzay qay bir nomzodni qo'llab-quvvatlashidan qat'i nazar fikri o'zgarmasligini aytgan. Amaldagi prezident kimga ovoz berishini hali aytmagan.

Ashraf G'ani 2009-yilgi prezident saylovlarida atigi ikki foiz ovoz to'plagan. Abdulla Abdulla esa marraga Karzaydan keyin kelgan edi. 2014-yil saylovlari 5-aprelda o'tkaziladi. Jami 11 arbob nomzod sifatida ro'yxatdan o'tgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG