Afg'onistonda saylovlardan oldin mavhumlik hukm surmoqda

  • Amerika Ovozi

5-aprel - Afg'onistonda prezident saylovlari

5-aprel - Afg'onistonda prezident saylovlari

Shanba kuni Afg’onistonda saylovlar. Mamlakatni ikki muddat boshqargan Hamid Karzay o’rniga yangi prezident saylanadi. G’olib Afg’onistonning zaif iqtisodiyotini tebratadi, jangarilarga qarshi kurashib, xavfsizlikni ta’minlashga harakat qiladi, Vashington va Pokiston bilan aloqalarni yuritadi.

Saylovlar natijasida nafaqat davlat rahbari, balki Afg’oniston siyosati ham o’zgarishi mumkin. Kelajak mavhum ekan, ayrimlar xavotirga tushgan, bu esa valyuta bozoriga ham ta’sir qilmoqda.

Kobuldagi pul ayirboshlash ittifoqi rahbari Najibulla Ahtariyning aytishicha, so’nggi olti oyda muomaladagi dollarlarning 90 foizi bozorda ko’rinmay qoldi.

"Tadbirkorlarimiz pulni Afg’onistondan Dubay va boshqa joylarga ko’chirmoqda", - deydi u.

Agar Afg’oniston hukumati AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolab, amerikalik askarlarning bir qismi mamlakatda qolsa, vaziyat barqarorlashi mumkin, deydi Vashingtondagi Amerika tadbirkorlik instituti xodimi Fred Kagan.

"Mamlakat tinch hayotga qaytishidan, xalqaro yordamdan avvalambor afg’on ayollari, yoshlari, zamonaviy qarashdagi shaharliklar foyda ko’rdi va hozir aynan shu toifa orasida xavotir kuchli. Agar prezident Obama barcha askarlarni Afg’onistondan chiqarishga qaror qilsa, vaziyat yomonlashishi mumkinligidan tashvishga tushgan ular", - deydi Kagan.

Faollarga ko’ra, shunday bo’lsa, ayollarning huquqlari buziladi. Saylov kampaniyasi paytidagi va’dalarga qaramay, hech bir nomzod ayollar huquqlariga jiddiy e’tibor qaratmadi, deydi ular. Yangi hukumat Tolibon bilan kelishsa, ayollarning jamiyatdagi o’rniga ham putur yetadi, deydi faollar.

Biroq kuzatuvchilar nazarida toliblar bilan murosa qilmay tinchlikka erishish, ko’p yillik mojaroga yakun yasash mumkin emas. Buning uchun qo’shni Pokiston ham jarayonda faol bo’lishi lozim, deydi ekspertlar.

Prezidentlikka da’vo qilayotgan yetakchi nomzodlar ham shunday fikrda, deydi Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutidan tahlilchi Endryu Vilder.

"Mojaroning faqat bir davlat doirasida cheklanmaganini hamma anchadan beri tan oladi. Mazkur jarayonda butun mintaqaning ishtiroki muhim", - deydi Vilder.

Afg’onistonda saylovlarni kuzatuvchi tashkilot rahbari Jondod Spingxarning xavotir bildirishicha, yaqin orada eng katta muammoni nomzodlarning o’zidan kutish kerak.

"Nomzodlarning aksariyati armiyada, politsiya safida, hukumatda tarafdorlarga ega. Agar ulardan biri saylov natijalarini qabul qilishdan bosh tortsa, tarafdorlari ko’chaga chiqib, namoyish qilishi turgan gap", - deydi Spingxar.

Bu esa, deydi kuzatuvchilar, usiz ham urushdan toygan mamlakatda kattaroq mojaroga yetaklashi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG