Afg'onistonda o'tgan saylovda Ashraf G'ani oldinda

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda prezidentlikka nomzod Ashraf G'ani

Afg'onistonda prezidentlikka nomzod Ashraf G'ani

Afg’onistonda 14-iyun kuni o’tgan prezident saylovlarining ikkinchi bosqichida berilgan ovozlarning dastlabki natijalari bugun e’lon qilindi.

Ularga ko’ra, sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani 56,44 foiz ovoz to’plagan. Uning raqibi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla esa 43,56 foiz ovoz olib, ikkinchi o’rinda ketmoqda.

Abdulla saylov natijalarini tan olmoqchi emas. Unga ko’ra, jarayonda keng ko’lamda soxtalashtirish hollari o’rin olgan.

Dastlabki natijalar o’tgan chorshanba e’lon qilinishi kerak edi, biroq Mustaqil saylov komissiyasining ayrim a’zolari Abdullaning talabi bilan bu ishni dushanbagacha qoldirishga qaror qildi.

Xabarlarga ko’ra, Abdulla raqibi Ashraf G’anidan bir million kam ovoz to’plagan, biroq sobiq tashqi ishlar vaziri shikoyatining ko’rib chiqilishini talab qilmoqda.

Abdulla barcha shikoyatlar ko’rilib, soxta ovozlar chiqarib tashlangach, saylov natijalari e’lon qilinishi kerak, degan edi.

U amaldagi prezident Hamid Karzay, viloyatlarda unga sodiq hokimlar va xavfsizlik idoralarini saylov kuni qalloblikka qo’l urganlikda ayblamoqda.

Ashraf G’ani hokimiyatni Abdulla bilan bo’lishish niyati yo’qligini bildirgan.

AQSh senatori Karl Levin ayni damda Kobulda. U har ikki nomzod bilan uchrashgan. Ular amerikalik qonunchiga saylov bo’yicha tushgan shikoyatlarning to’liq ko’rib chiqilishiga rozimiz, degan.

Aytish joiz, Ashraf G’ani pashtunlar jamoasining vakili, Abdulla Abdullani esa afg’on tojiklari qo’llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG