Afg'onistonda islohotlar juda sust

  • Amerika Ovozi

Prezident Ashraf G'ani

Prezident Ashraf G'ani

2014-yilda Afg’onistonda prezident saylovlari yakunida mamlakat fuqarolar urushi yoqasiga kelib qoldi. Ikki nomzoddan hech biri mag’lubiyatni tan olgisi kelmadi. Har biri ovozlar soxtalashtirilganini ta’kidladi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri vaziyatga aralashib, hokimiyatni bo’lishishni taklif etganidan keyin tomonlar murosa qilishga va saylov tizimini isloh etishga kelishdi.

Ammo saylovdan ikki yil o’tib ham islohotdan darak yo'q, Prezident Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla parlament saylovlari yuzasidan bir qarorga kela olmayapti. Bu esa 2019-yilga belgilangan prezident saylovlari ham qiyin kechishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Prezident G’ani saylov tizimini isloh qilishni ko’zda tutuvchi ikki farmon chiqardi. Qonunchilar ularni rad etdi. Mutaxassislar fikricha, buning ortida Abdulla turibdi.

Ma’lumotlarga ko’ra, prezident ma’muriyati uchinchi farmon ustida ishlayapti.

“Afg’on hukumati saylov tizimini isloh qilish va o’zgartirish rejasida qat’iy. Bu boradagi ishlar davom etmoqda”, - dedi prezident ma’muriyati so’zlovchisining muovini Da'vo Xon Menapal.

“Millionlab odamlarga e’tibor bermaslik”

Yoshlar bilan uchrashuv chog’ida Abdulla Abdulla Prezident G’anini islohotlarni tezlashtirmayotganlikda aybladi.

“Bizning fikrimizga e’tibor bermaslik bizga ovoz bergan millionlab saylovchilar fikrini e’tiborsiz qoldirish bilan barobar. Men Afg’oniston xalqiga bir narsani aytmoqchiman. So’nggi kunlarda ro'y bergan ayrim voqealar meni prezidentga murojaat etishga majbur qildi. Men unga jiddiy muloqot boshlashimiz kerak, bu boshqa muhokamalar uchun zamin yaratadi va masalani oydinlashtiradi, dedim. Xo’sh, nima sababdan saylov tizimi isloh qilinmadi? Bu mening aybimmi? Odamlarga axir islohot haqida va’da berganmiz. O'nlab majlislar qilamiz, ammo saylov islohotiga kelganda majlis to'rt oyda bir o'tkaziladi", - deydi Abdulla.

Prezident ma’muriyati bunday bayonotning foydadan xoli ekanini ta'kidladi.

"Afsuski, Abdulla Abdullaning so’nggi bayonotlari davlat boshqaruvi asoslarini shakllantiruvchi tamoyillar bilan hamohang emas, chunki boshqaruv qonun asosida va doirasida amalga oshiriladi”, - dedi prezident so’zlovchisi Horun Chaxansuri.

Unga ko'ra, masala yuzasidan ishlar davom ettiriladi.

Xullas, mavzu yana boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Ammo yechim bor. Konstitutsiyaning 79-moddasiga ko’ra, parlament yozgi ta’tilda bo’lganida va favqulodda holatda prezident farmoni qonunchilik organi tasdig'idan o'tishi shart emas.

Afg’oniston saylov tizimi bo’yicha mutaxassis Jon Dod Spingar bunday harakat ikki taraf o’rtasidagi siyosiy ziddiyatni kuchaytirishi mumkin, deydi.

“Bizni sotdilar”

Tahlilchilar fikricha, soxtalashtirish holatlariga boy 2009- va 2014-yil saylovlari ketidan hukumat saylovlarga ishonchni qayta tiklashi kerak.

“O’tgan saylovlarda siyosatchilar saylov komissiyasiga bosim o'tkazib, o’z manfaatlarini ilgari surishi mumkinligiga ishonib qolgan. Agar bunday qilmasa, butun mamlakat ular uchun ovoz berganda ham saylana olmasligi mumkin, degan fikrga kelgan”, - deya tushuntiradi Spingar.

“Kuzatuvchilar, fuqaroviy jamiyat va xalqaro hamjamiyat saylov komissiyasida muvozanat bo’lishini ta'minlaydi. Komissiya a’zolari betaraf, yuqori malakali mutaxassis bo’lishi lozim. Komissiyaga siyosiy bosim davom etadi, ammo a'zolarning betaraf bo’lishi juda muhim”, - deydi Mustaqil saylov komissiyasi so’zlovchisi Nurmuhammad Nur.

“Davlatning har ikkala rahbari va boshqa taraflar saylov komissiyasiga bosim o’tkazib, kerakli odamlarning “saylanishini” ta’minlashga intilishini qonunchilar yaxshi tushunadi. Ammo bu demokratiya uchun katta zarba bo’ladi”, - deydi Nur.

Kobullik Sardor Muhammad fikricha, bunday vaziyatdan eng ko’p zarar ko'rayotgan tomon - bu oddiy odamlar.

“Biz hayotimizni xavfga solib, saylovda qatnashdik. Toliblar ovoz berganlarning barmog’ini kesdi. Bizga do'q-po'pisa, tahdidlar qilindi. Biz demokratiyaga ishongandik. Lekin bizni sotishdi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG