Breaking News

Qochqin va muhojirlarning ko'payishi Afg'oniston iqtisodi uchun zarar


Afg'onistonlik qochqinlar Avstriya-Vengriya chegarasida
Afg'onistonlik qochqinlar Avstriya-Vengriya chegarasida

Mamlakatdagi og’ir iqtisodiy ahvol va xavfsizlikning ta’minlanmagani ko’plab afg’onlarni Yevropaga qochishga majburlamoqda. Xalqaro migratsiya tashkilotiga ko’ra, 2015-yil yanvaridan dekabrigacha Yevropaning 27 davlatida 200 ming afg’on boshpana so’ragan.

Xalqaro qo’shinlarning mamlakatdan chiqarilishi hamda “Islomiy davlat” jangari guruhi va Tolibon harakatining faollashishi bunga sabab sifatida ko'rsatilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, 2001-yildan buyon terrorizm oqibatida halok bo’lganlar soni 2015-yilda eng yuqori bo’ldi.

Iqtisodga kelsak, Afg’oniston - Osiyoning eng kambag’al mamlakati. Yalpi ichki mahsulot 2014-yilda qariyb 21 milliard dollar atrofida qayd etildi, jon boshiga daromad esa yiliga o'rtacha 700 dollar.

Ko’plab afg’onlar mamlakatni tark etishda kontrabandachilar yordamiga muhtoj. Yevropaga yetib olish uchun 2015-yilda ularga bir milliard dollardan ko’proq pul to’langan.

Afg’oniston Gretsiyadan 4000 kilometr uzoq.

“Afg’on muhojiri Yevropaga yetib olish uchun kontrabandachilarga o’rta hisobda 7500 dollar to’laydi”, - deydi Afg'oniston Qochqinlar va repatriatsiya vazirligi rasmiysi Isomiddin Jur’at.

“Men Vengriyaga kelguncha 6500 dollar to'ladim. So'nggi manzil - Belgiya. U yerga yetib olish uchun yana pul kerak”, - deydi Davojon Sohil ismli qochqin.

Bahrom G’ofuriy esa Germaniyaga yetib olish uchun kontrabandachiga 10 ming dollar bergan.

Afg’onlarning vatanidan qochishi mamlakat uchun salbiy holat, deydi muhojir va qochqinlarning o’zi.

“Mamlakat taraqqiyotiga hissa qo’sha oladigan yosh yigitlar ketib qolyapti. Buning uchun ular millionlab dollar sarflaydi, vaholanki, bu mablag’ mamlakat iqtisodini oyoqqa qo’yish uchun kerak”, - deydi Afg’oniston Savdo palatasidan Xon Alekozay.

Aksariyat emigrantlar Yevropaga yetib olaman deb borini sotadi va kontrabandachilarga tutqizadi, deydi Kobuldagi Afg’oniston tahlilchilar tarmog’i bosh tadqiqotchisi Tomas Ruttig.

Bankdan kredit, qarindosh va tanishlardan qarz olayotganlar ko’p. Ayrimlari kontrabandachilarga pul to’lolmay, qulga aylanadi yoki fohishalikka qo’l uradi. Yo’lda nobud bo’lganlar ham kam emas.

Ayrim Yevropa davlatlari muhojirlar va qochqinlar oqimini kamaytirish maqsadida Afg’onistonda targ’ibot ishlarini yo’lga qo’ydi. Vatandan ketmoqchi bo’lganlarga qiyinchilik va tahdidlar haqida ma’lumot beriladi.

Dekabr oyida Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashgan Prezident Ashraf G’ani qochqinlar sonini kamaytirish yo’llarini muhokama qildi. Uchrashuvdan so’ng Afg'oniston rahbari Germaniya matbuotiga bergan intervyusida “Yevropaga kelgan afg’onlar idish yuvib, kun ko’radi” deb aytdi. Uning bu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchradi.

“Vatanidan qochayotgan afg’onlarning ko’pligi, albatta, xavotirli hol. Malakali professionallar mamlakatdan chiqib ketyapti. Bu hukumatga ishonchning yo’qligidan nishona”, - deydi Tomas Ruttig.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG