Afg'oniston rahbari Tolibonni siyosiy muxolifat deb ko'radi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibonni "siyosiy oppozitsiya" deya ta'riflamoqda. Mamlakat tinch bo'lsin desak, bu harakat bilan muzokara qilishimiz shart, deydi u. Oq uyda Barak Obama bilan uchrashgan G'ani qo'shni Pokistonning roliga ham to'xtalib o'tdi.

Ashraf G'ani Amerikaning qariyb 10 ming askari Afg'onistonda uzoqroq qolishiga erishdi. U Tolibon harakati bilan murosa qila olishiga ham ishonadi.

"Bu harakat a'zolari ko'tarayotgan ayrim masalalar asosli. Odamlar aybsiz qamalgan, qiynoqqa solingan, birovlarning uyida yoki xususiy qamoqxonalarda tahqirlangan. Buning uchun qanday qilib kechirim so'raysiz? Nazarimda, Janubiy Afrika va Ruanda tajribasidan saboq olsak bo'ladi. Tinchlik kelishuvi - gina-kuduratni yuvish degani", - deydi afg'on rahbari.

Toliblar zo'ravonlikdan voz kechib, yurt konstitutsiyasini tan olsa, ularni jamiyatga integratsiyalash yo'li ham topiladi, deydi Ashraf G'ani.

Afg'oniston qurolli kuchlari, uning nazarida, mamlakatni himoya qilish vazifasini uddalay oladi va "Islomiy davlat" singari ekstremist guruhlarni vatanga yo'latmaydi.

"Tolibon bilan tinchlikka erishish muhim, lekin ular harbiy kuch ekani uchun emas. "Islomiy davlat" esa jinoyatchi bir to'da, ularni yo'q qilish kerak. Toliblar ulardan mafkuraviy jihatdan farq qiladi va mamlakat siyosiy hayotida muayyan rol o'ynay oladi. Shuning uchun Tolibonni siyosiy muxolifat deb bilaman", - deya izohladi Prezident G'ani.

Uning ma'muriyati Pokistonning siyosiy va harbiy yetakchilari bilan yaqinroq hamkorlik qilmoqda, ayniqsa terrorizmga qarshi kurash masalasida.

"Fundamental jihatdan qaraganda, gap bu yerda Tolibon bilan murosa emas balki Pokiston va Afg'oniston o'rtasida tinchlik o'rnatish haqida ketayapti. 13 yildan buyon oramizda xusumat, adovat hissi hukmron edi. Do'stona rishtalarni tiklamoqchi bo'lsak, avvalo muammoni tan olish kerak", - deydi Afg'oniston rahbari.

Ashraf G'ani so'nggi payt ikki davlat chegarasida aksil-terror amaliyotlar kuchaytirilganini olqishlamoqda. Tolibon rahbariyati Pokistonda ekani, ular o'sha yerdan turib Afg'onistonda hujumlar uyushtirayotgani haqidagi savollarga prezident "bu masala ustida ham ishlayapmiz" deya javob beradi.

Ashraf G'ani Afg'oniston erkin va demokratik jamiyat bo'lishini xohlaymiz, deydi. Inson huquqlariga hurmat bosh o'rinda. Qonunni buzgan rahbar va amaldorlar lavozimdan ketadi, deya va'da berdi prezident.

"O'tmishni o'zgartira olmaymiz, kelajak qanday bo'lishi esa o'z qo'limizda", - deydi Ashraf G'ani.

Afg'oniston xavfsizlik tizimi isloh qilinar ekan, o'tgan olti oy ichida 60 dan ziyod general iste'foga chiqarilgan. Ichki ishlar vazirligi va boj tizimida ham rahbarlar yangilanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG