Toliblar Kobuldagi mehmonxonaga hujum qildi, 20 kishi o'lgan

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda jangarilar poytaxt Kobul yaqinida, Qarg’a ko’li bo’yida joylashgan mehmonxonaga hujum qilib, jami 20 kishi halok bo’lgan.

Afg’oniston xavfsizlik kuchlari jangarilar bilan 12 soat davomida o’q almashdi. Xalqaro koalitsiya ham operatsiyaga jalb qilindi, deydi rasmiylar. O’lganlardan 16 nafari oddiy odamlar, biri politsiyachi va uch nafari posbonlar.

Beliga portlovchi moslamalarni taqib olib, granata otadigan raketalar bilan qurollangan besh shaxs Spojmay mehmonxonasiga kecha bostirib kirgan va restorandagi odamlarni nishonga ola boshlagan.

O’nlab odamlar, jumladan ayollar va bolalar garovga olingan. Rasmiylar hujum paytida binoda 250 dan ziyod mehmon bo’lganini aytadi. Ayrimlari atrofdagi o’rmon va ko’lga qochib, omon qolgan.

​Yarim kun davom etgan olishuv jangarilar o’limi bilan yakunlandi. 40 dan ziyod odam garovdan ozod qilingani ma’lum.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulloh Mujohid xurujni biz uyushtirdik, chunki Spojmay mehmonxonasi ichkilikbozlik va fohishalar makoniga aylangan, deydi.

AQSh va NATO kuchlari qo’mondoni general Jon Allen fikricha esa hujum ortida Haqqoniy tizimi turgan bo’lishi mumkin. Pokistonda joylashgan, al-Qoidaga aloqador bu guruh Afg’onistonda faol harakat qiladi.

Kuni-kecha Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay parlamentda nutq so’zlab, xorijiy qo’shin mamlakatni tark etishga hozirlik ko’rayotgan bir paytda zo’ravonlik sur’ati oshib borayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Jangarilar o’tgan yili Kobuldagi Interkontinental mehmonxonasini ham nishonga olgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG