Prezident Obama: Fojiaga qaramay qo'shinlar Afg'onistondan erta chiqarilmaydi

  • Amerika Ovozi

Qandahorda otishma yuz bergan uylarning biri. Amerikalik zobit Panjvayi tumanida 16 afg'onni otib o'ldirgan. 11-mart, 2012-yil.

Qandahorda otishma yuz bergan uylarning biri. Amerikalik zobit Panjvayi tumanida 16 afg'onni otib o'ldirgan. 11-mart, 2012-yil.

Yakshanba kuni Afg'onistonda amerikalik zobit 16 afg'onni o'ldirgach, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Tolibon bu ish uchun amerikaliklardan qasos olishini aytgan.

Bugun janubdagi Qandahor viloyatida qurollangan to'da qishloqlardan biriga tashrif buyurgan hukumat delegatsiyasiga hujum qilib, bir askarni o'ldirgan. Sharqdagi Jalolobod shahrida esa aholi yakshanba kungi voqeaga qarshi ilk bor namoyish qilgan.

Prezident Barak Obama bu hol qo'shinlarni Afg'onistondan shosha-pisha chiqarishga majbur qila olmaydi, deydi.

"Shoshma-shosharlik yanada kattaroq fojiaga yetaklaydi", - deydi u.

Ikki davlat kelishuviga ko'ra, AQSh askarlari Afg'onistonni 2014-yilgacha tark etishi rejalangan. Prezident Obama afg'on rahbari Hamid Karzayga qo'ng'iroq qilgan va voqea yuzasidan hamdardlik bildirib, uni sinchkovlik bilan tergov qilishga so'z bergan.

Ma'lum bo'lishicha, qotillikda gumon qilinayotgan zobit Qandahorning Panjvayi tumanida bazadan chiqib, mahalliy aholi uylariga bostirib kirib, odamlarni otgan. Qurbonlarning aksariyati bolalar. Guvohlarning aytishicha, zobit jasadlarning ba'zilariga o't qo'ygan.

Afg'oniston parlamenti qotillikni qoralab, AQSh hukumatini aybdorlarni jamoatchilik oldida jazolashga chaqirgan. Xorijiy askarlar ustidan nazorat yo'q, sabr-kosamiz to'ldi, deydi ayrim qonunchilar.

NATO rasmiylarining aytishicha, zobit AQSh armiyasining serjanti bo'lib, yolg'iz harakat qilgan. Pentagon uning ismini oshkor etmayapti. Biroq ma'lum bo'lishicha, ayblanuvchining Yoshi 38 da, ikki bolaning otasi. Iroqda xizmat qilayotgan payt mshinasi halokatga uchrab, boshi lat yegan.

Ayrim amerikalik harbiy yuristlar nazarida uni harbiy tribunal sud qiladi va qotil Afg'onistonga topshirilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG