"Islomiy davlat" Afg'onistonda - qo'y terisida kelgan bo'rilar

  • Amerika Ovozi

Afg'on milliy armiyasi Nangarhor viloyatida

Afg'on milliy armiyasi Nangarhor viloyatida

Bir yil oldin Pokistonning qabilalar yashovchi Shimoliy Vaziriston mintaqasida jangarilarga qarshi harbiy amaliyot boshlaganida ko'pi qo'shni Afg'onistonga qochib o'tgan edi. "Amerika Ovozi" muxbiri Oysha Tanzimning xabar berishicha, jangarilarning bir qismi Afg'onistonning Nangarhor viloyatida "Islomiy davlat" guruhining sho'basini tuzgan.

Afg'oniston sharqidagi Shinvari qabilasi vakillarini boshidagi oq do'ppisidan tanish mumkin. Yil boshida hududga odamlar kelib, yordam so'radi, deydi ular.

"Avvaliga do'st kabi tutishdi o'zlarini. Oilalari, ayollari, buyumlari bilan kelishdi. Bizdan turishga joy so'rashdi, birodarmiz, deyishdi", - deydi qabila yetakchisi Malik Nayaz.

Unga ko'ra, kelgindilar Pokistonda, Shimoliy Vaziristondagi harbiy amaliyotlardan qochganini aytishdi.

"Ularni mehmon sifatida qabul qildik", - deydi Nayaz.

Biroq bir necha oydan so'ng ularning qo'lida qurol paydo bo'ldi, qabila ishlariga aralasha boshlashdi. Bir kun esa qora bayroqni ilib, o'zlarini "Islomiy davlat" guruhi deb e'lon qilishdi.

“Odamlarimizga bay'at keltirishni so'rashdi. Oyiga 500-600 dollar maosh beramiz, deyishdi. "Uylaringizni qo'riqlaymiz, do'stimiz bo'ling" deyishdi", - deydi mahalla oqsoqoli.

Yangi guruhga qo'shilmaganlar ko'chib ketishga majbur bo'ldi. Minglab odamlar. Ko'plari ko'chada qoldi. Jangarilar safi esa kengayib, hududlarni birma-bir ishg'ol qila boshlashdi, viloyat poytaxti Jalolobodga ham hujum qilishdi.

"Aprel oyida ular birinchi hujumga qo'l urishdi. Kobul bankiga. O'nlab odam o'ldi", - deya xabar beradi Oysha Tanzim.

Afg'oniston rasmiylari qabilalarni jangari guruhga qarshi qurol ko'tarishga undayapti. Biroq ularning aytishicha, hukumat avval harbiy amaliyot boshlab, hududni jangarilardan tozalashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG