Afg'onistonda "Islomiy davlat" tarafdorlari faollashmoqda

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" guruhining ta'siri Afg'onistonda kuchayib bormoqda. Mamlakatning Nangarhar viloyatida jangarilarning bayrog'i paydo bo'lgan.

Mahalliy rasmiylar va fuqarolarning aytishicha, Nangarhar viloyatining olti tumanida "Islomiy davlat" jangarilari faollashgan. Ular bu yerda bir paytlar muqim o'rnashgan Tolibon islomiy amirligi o'rnini egallayotgani aytiladi.

Bu jangarilar o'zini xalifa deb e'lon qilgan Abu Bakr al-Bag'dodiyga bay'at bergan. Ular "Islomiy davlat" bayrog'i ostida g'animlarining boshini kesmoqda. Bu mahalliy guruhlarning Iroq va Suriyada o'rnashgan "Islomiy davlat" bilan qanchalik aloqaga ega ekani ma'lum emas.

"Ular Tolibon o'rnashgan hududlarda tez bo'y ko'rsatdi. Bu guruh Tolibonning merosxo'rlari emas, Tolibon mag'lub bo'ldi", - deydi viloyat kengashi a'zosi Zabihulloh Zamaray.

Bati Kot tumanida janglar davom etyapti. O'tgan yili 16 nafar qarindoshi o'ldirilgandan beri kuchli himoya ostida yuradigan tuman hokimi hududda "Islomiy davlat" va Tolibon o'rtasida kurash ketayotganini ta'kidlaydi.

"Uch hafta oldin Tolibon bu yerda asosiy kuch edi. Dag'a mahallasida "Islomiy davlat" jangarilari ular bilan urushdi. Beshta Tolibon a'zosini qo'lga olib, boshini kesishdi. Tolibon esa ikkita jangarini o'ldirdi. Ular Tolibon bilan birga edi. Endi esa "Islomiy davlat"ning qora bayrog'ini ko'tarib chiqishyapti. Jangchilarning ko'pi "Islomiy davlat"ga qo'shilgan", - deydi u.

"Islomiy davlat" katta maosh to'lash, Bag'dodiyni haqiqiy xalifa sifatida ko'rsatish hamda cheksiz hokimiyat va'da qilish orqali ko'plab jihodchilarni o'ziga jalb qilmoqda. Bati Kotda o'tgan yig'inda jangarilar qabila oqsoqollaridan barcha vakolatlarni to'liq tortib olgan va fuqarolar hayotiga og'ir cheklovlarni joriy qilgan.

Hukumatdan yordam so'rab murojaat qilganlarga hammasi nazorat ostida, deya javob qilinmoqda.

"Yetarli qurol-aslaha, ta'minot va odamlarga egamiz", - deydi tuman politsiyasi boshlig'i Muhammad Amin Mangal.

Politsiyaning aytishicha, hozir nazorat punklariga hujumlar soni kamaygan. Chunki hukumat kuchlari "Islomiy davlat" va boshqa jangari guruhlarni tumandan siqib chiqarishda muvaffaqiyat qozonayotganini da'vo qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG