Afg'onistonga yollanma qo'riqchilar kerak emas, deydi prezident Karzay

  • Amerika Ovozi

Afg’on prezidenti Hamid Karzay kelasi yilgacha mamlakatda xususiy xavfsizlik firmalarini yo’q qilish qarorida qat’iy. Gap bu yerda Amerikada asoslangan va Vashington bilan uzoq muddatli shartnomalar imzolagan kompaniyalar haqida ketmoqda.

AQSh rasmiylari Afg’oniston hukumati bilan muzokaraga tayyor ekanini aytmoqda.

Hamid Karzay AQSh telekanallariga intervyular berib, xususiy xavfsizlik firmalari – kontraktorlarni Afg’onistonda salbiy rol o’ynayotganlikda aybladi.

“"Ular bizning hukumatimizga parallel tuzum sifatida ish ko'radi, nima keragi bor bizga? Shu bois ularni chiqarib yuborishga ahd qildik”,- deydi afg’on prezidenti.

"Kontraktorlar mamlakatni korrupsiyaga botirmoqda, xalq mulkini o’marmoqda, fuqarolarimizga tazyiq o’tkazmoqda. Ular kunduzi xavfsizlik kompaniyasi, kechasi esa terroristlardek harakat qiladi. Ular milliardlab dollarni osmonga sovurmoqda”,- deya shikoyat qiladi Hamid Karzay.

Afg'onistonda o'n minglab yollanma qo'riqchilar bor

Afg'onistonda o'n minglab yollanma qo'riqchilar bor

Prezident deydiki, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar va idoralarni himoya qiluvchi firmalar o’z muayyan zonasida faoliyatini davom ettirishi mumkin, lekin ular chegaradan chiqmasligi shart.

Ya’ni, Afg’oniston ko’chalarida bu kontraktorlarga o’rin va toqat yo’q, deydi Hamid Karzay.

“Har bir daqiqa g’animat”,- deydi prezident. “Qancha ko’p vaqt bersak, bu kontraktorlar shuncha zarar keltiradi” .

Bu qaror Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligini ancha ajablantirgan. Harbiy tahlilchilarning bildirishicha, afg’on xavfsizlik kuchlari bu kontraktorlar bajarayotgan ishlarni hali uddalay olmaydi. Bu xususiy firmalar parallel emas, aksincha, mahalliy harbiylarni quvvatlovchi, ularga yordam beruvchi kuchlar. Lekin general Deyvid Petreus, Afg’onistonda xalqaro koalitsiya qo’mondoni, Karzayni tushunishni aytmoqda.

“Afg’on hukumati shunday qaror qilgan bo’lsa, biz uni amalga oshirishda ko’makka tayyormiz”,- deydi u. “Ajratilayotgan pul maqsadga muvofiq ravishda sarflanishi shart. Biz Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda kontraktorlar muammosiga qarshi chora izlaymiz. Balki xususiy kompaniyalar qilayotgan ishni o’z zimmamizga olamiz. Qolaversa, afg’on kuchlari bo’yniga ham ko’proq vazifa yuklanadi”,- deydi general Petreus.

Afg’onistonda bugun xalqaro qo’shinlar, nohukumat va xalqaro tashkilotlar, chet el vakolatxonalari va axborot vositalarini o’nlab ming kontraktorlar- yollanma qo’riqchilar himoya qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG