Afg'onistonda Qur'on yoqilishiga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Bagramda omma Qur'on nusxalarining yoqilishiga qarsho norozilik bildirmoqda, Afg'oniston, 21-fevral, 2012-yil.

Bagramda omma Qur'on nusxalarining yoqilishiga qarsho norozilik bildirmoqda, Afg'oniston, 21-fevral, 2012-yil.

Afg'onistonning Parvon viloyatida ikki mingga yaqin odam AQSh harbiy bazasi yonida to'planib, Qur'on kitoblarining yoqilishiga qarshi namoyish qildi. NATO voqeani tergov qilishni buyurgan.

G'azablangan omma AQShga qarshi shiorlar aytib, baza tomon tosh otdi, shinalar yoqildi. Qo'riqchilar rezinali o'q otib, odamlarni tarqatishga harakat qildi.

Ayrim xabarlarga ko'ra, NATO qo'shinlari diniy kitoblarni, shu jumladan Qur'on nusxalarini yoqmoqchi bo'lganida, bazaning afg'on xizmatchilari ularni to'xtatib, qo'mondonlariga xabar bergan.

Xalqaro koalitsiya qo'mondoni, AQSh generali Jon Allen darhol bayonot chiqarib, voqea yuzasidan uzr bildirdi.

"Ishontirib aytamanki, bu ataylab qilinmagan. Afg'oniston prezidenti, hukumati va xalqini haqorat qilgan har bir harakat uchun uzr so'rayman", - dedi general.

Uning aytishicha, NATO bu kabi holning takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko'rmoqda. Kitoblar diniy ma'murlarga topshirilgan.

"Voqea yuzasidan tergov boshlangan. Islomiy adabiyotning yoqilishi haqida menga xabar berishganida darhol bu ishni to'xtatishni buyurdim", - deydi general.

Parvon viloyati Bagram tumani hokimi Ahmad Kabirning aytishicha, namoyishchilarning aksariyati bazaning mahalliy xodimlari. Afg'on rasmiylari va politsiyasi ham o'z tergovini boshlagan.

Qo'shma Shtatlar va Afg'oniston Tolibonni tinchlikka undab, jangarilar bilan muloqot qilishga harakat qilar ekan, bu kabi voqealar jarayonga pand berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG