Afg'onistonda xurujlarga qaramay NATO qo'shinlarini erta chiqarmaydi

  • Amerika Ovozi

Qandahor, Afg'oniston

Qandahor, Afg'oniston

Afg'oniston sharqidagi Jalolobod shahrida xuruj sodir etilib, kamida to'qqiz kishi o'lgan. Aeroport yonida bir odam o'zini mashinada portlatgan, deyiladi politsiya hisobotida. O'tgan hafta Bargam aviabazasida Qur'on nusxalari yoqilganidan beri mamlakatni namoyishlar qamrab olgan, birin-ketin xurujlar ro'y bermoqda. Natijada gumanitar yordam bilan shug'ullanuvchi ayrim xalqaro tashkilotlar faoliyatini to'xtatishga majbur bo'ldi.

Bugungi xuruj qurbonlarining aksariyati afg'onlar. Terrorchi aeroportga kira olmagach, darvozasi yonida o'zini portlatgan. Tolibon voqeaga aloqador ekanini aytib, Qur'onni oyoqosti qilganlik uchun jazo, degan.

Biroq NATO so'zlovchisi general Karsten Jekobsonning aytishicha xurujlarning barchasi ham toliblarning ishi emas.

"Harakat o'z mavqei va ta'sirini oshirish uchun qo'shib-yozish bilan shug'ullanmoqda", - deydi general.

So'nggi voqealar ketidan avj olgan zo'ravonliklarda 30 dan ziyod odam o'lgan, jumladan to'rt amerikalik harbiy. O'tgan hafta oxirida Ichki ishlar vazirligi ichida ikki AQSh ofitserini otib o'ldirgan afg'on razvedkasi xodimi qidiruvda.

Zo'ravonliklarga qaramay, deydi AQSh elchisi Rayan Kroker, xalqaro qo'shinlar mamlakatdan muddatidan erta, ya'ni 2014-yildan oldin chiqarilmaydi.

Koalitsiya yordamida malakasini oshirayotgan mahalliy politsiya so'nggi kunlardagi namoyishlar paytida ishini professional darajada uddalab, xavfsizlikni mustaqil ravishda ta'minlashga qodir ekanini namoyish etdi, deydi NATO rasmiysi.

"Ayrim joylarda vaziyat izdan chiqib, ahvol yomonlashishi mumkin edi, biroq politsiyachilar buning oldini olishga muvaffaq bo'ldi", - deydi general Jekobson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG