Ruslan Kazakbayev: Afg'oniston masalasida qo'shnilar muhim rol o'ynashi kerak

  • Amerika Ovozi

Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev NATO sammitida, Chikago, 21-may, 2012-yil

Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev NATO sammitida, Chikago, 21-may, 2012-yil

Chikagoda NATO sammiti yakunlanib, qator davlatlar rahbarlari va rasmiylari Afg'oniston kelajagini muhokama qildi. Xususan, 2014-yildan keyingi taqdirini. Bu nafaqat Afg'oniston, balki qo'shni Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham muhimdir.

Sammitda ishtirok etish uchun AQShga tashrif buyurgan Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayevga ko'ra, mintaqa osudaligi bevosita Afg'oniston barqarorligiga ham bog'liq. Xalqaro qo'shinlar 2014-yil oxirigacha bu mamlakatdan chiqishi kutilar ekan, "undan keyin nima bo'ladi" degan savol ko'pchilikning xayolida. Ruslan Kazakbayev ham unga javob berishga qiynaldi:

"Vaziyat juda qaltis. Oldindan bashorat etish qiyin. 2014-yil oxirigacha belgilangan maqsadlarning uddasidan chiqa olamizmi, yo'qmi, noaniq. Ya'ni xavfsizlikni ta'minlash, mahalliy kuchlarni tayyorlash, siyosiy tizimni kuchaytirish, iqtisodiy o'sishni yo'lga qo'yish", - deydi vazir.

Ruslan Kazakbayevning aytishicha, yirik davlatlar Afg'oniston masalasida qo'shnilar ham rol o'ynashi kerak degan xulosada. Bu juda muhim, deydi vazir.

"2014-yildan keyin aynan mintaqa davlatlari faolroq bo'lishi lozim. Jumladan, Qirg'iziston Afg'onistondagi vaziyatni yaxshi o'rganib chiqishi kerak. Xavfsizlikni mustahkamlash uchun nima qilmoq zarur, iqtisodiy loyihalarni yuritish uchunchi? Temir yo'l va avtomobil yo'llarini qurish, elektr liniyalarini uzatish ana shunday loyihalar qatoriga kiradi", - deydi Ruslan Kazakbayev.

Qirg'iziston tashqi ishlar vaziri respublikaning ODKB, ya'ni MDH davlatlari a'zoligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ishtiroki haqida ham so'zladi.

Uning aytishicha, tashkilotdagi har bir davlat avvalambor o'z manfaatlaridan kelib chiqib ish tutadi.

"Qirg'iziston uchun a'zolik katta ahamiyatga ega. Xususan, terrorizm, separatizm, noqonuniy migratsiya va narkotrafikka qarshi kurash, axborot xavfsizligi borasida" - deydi u.

Vazir Kazakbayev Turkiya-Qirg'iziston aloqalariga ham to'xtalib, Anqara bilan munosabatlar muhim ekanini ta'kidladi. Xususan, deydi u, Qirg'izistonda parlament tizimiga o'tishda Turkiyaning tajribasidan keng foydalanilgan.

Qo'shma Shtatlar bilan ham aloqalar rivojlanmoqda. Davlat kotibi muovini Robert Bleykning aytishicha, Qirg'iziston Qo'shma Shtatlarga erkin savdo borasida bitim imzolashni taklif qilmoqda. Ayni damda AQSh 17 davlat bilan ana shunday munosabatlarda.

(Vazir Kazakbayevning Amerika Ovozi Rus xizmatiga bergan to'liq intervyusi videosini mana bu yerda ko'rishingiz mumkin)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG