Lionel Messining Afg'onistondagi besh yoshli muxlisi

  • Amerika Ovozi

Murtazo Ahmadi, Lionel Messining 5 yashar muxlisi

Murtazo Ahmadi, Lionel Messining 5 yashar muxlisi

Polietilen paketdan qilingan va orqasiga Lionel Messining ismi tushirilgan futbolka kiygan 5 yashar afg’on bolakayning surati bir zumda dunyoni aylanib chiqdi.

Afg’oniston futbol federatsiyasi Messining xayriya jamg’armasi bilan bog’lanib, Murtazo Ahmadini jahon futbol yulduzi bilan uchrashtirishga harakat qilmoqda. Tafsilotlar bilan Odil Ruzaliev.

Qo’lbola futbolkaga millionlab futbol ishqibozlarining sevimli o’yinchisi, Barselona klubining hujumchisi Lionel Messining ismi flomaster bilan yozilgan.

Suratni uning akasi Humoyun Ahmadi o’tgan oy “Facebook”ka qo’ygan. Foto internet orqali tarqalib, Murtazo millionlab odamlar e’tiboriga tushdi. Uning qishloqdagi uyiga hatto muxbirlar ham borib keldi.

"Paketdan qilingan bu futbolkani Messi uchun kiyaman. U bilan uchrashgim bor. Uni sevaman”, - deydi bolakay.

O’tgan oy Lionel Messi eng yaxshi o’yinchiga beriladigan FIFAning beshinchi “Oltin to’p”ini qo’lga kiritdi.

Murtazo uyining yonida to’p tepadi. Yaqin atrofda futbol maydoni yo’q. Haqiqiy futbolka yoki butsa sotuvchi do’kon ham yo’q. O’g’lim Messi kabi taniqli futbolchi bo’lishni orzu qiladi, deydi uning otasi Muhammad Orif Ahmadi.

"Ispaniyaga borib, Messi bilan uchrashishni xohlaymiz. Murtazo unga ishqibozlik qiladi. Ertalab uyg’onganda “Messini sevaman” deb turadi", - deydi ota.

Bolakayning orzusi ro’yobga chiqishi mumkin. Afg’on futbol federatsiyasi mutasaddilari Messining xayriya jamg’armasi bilan aloqaga chiqib, uchrashuv uyushtirib berishni iltimos qildi.

Tolibon hukmronligi paytida Afg’onistonda sport musobaqalari deyarli o’tkazilmas edi, poytaxt Kobul stadioni, asosan, toshbo’ron va qatllar uchun ishlatilardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG