Pokistonlik jangarilar yetakchisi havo hujumida o'ldi

  • Amerika Ovozi

AQSh dronlari amalga oshirgani gumon qilinayotgan hujumda Pokiston Tolibonining yuqori lavozimdagi qo'mondoni va uning sheriklari halok bo'lgan. Tungi hujum Afg'onistonning Paktika viloyatida amalga oshirildi.

Ma'lumotlarga qaraganda, Tahrik-e Tolibon guruhi qo'mondoni Rais Xon qatorida uning o'g'li ham o'lgan. Rais Xonni Azam Tariq deb ham atashar edi.

AQSh harbiylari "Amerika Ovozi"ga Bermal tumanida 24-25-sentabr kunlari ikki havo hujumi amalga oshirilganini tasdiqlamoqda.

Afg'oniston armiyasi ham tumanda harbiy operatsiya olib bormoqda. To'qqiz jangari, jumladan al-Qoida a'zolari o'ldirilgan. Qurollar, portlovchi kamarlar va kommunikatsiya asboblari topilgani xabar qilinmoqda.

Tahrik-e Tolibon o'nlab yildan buyon Pokiston hukumatiga qarshi hujumlar uyushtirib keladi. Ikki yil ilgari Pokiston harbiylari chegara hududlarda katta amaliyot boshlagach, guruhning aksar rahbarlari va a'zolari Afg'onistonga qochib o'tgan edi.

Pokistonning da'vo qilishicha, Tahrik-e Tolibon Afg'onistondagi manzillaridan turib hamda bu mamlakat razvedka idorasi yordamida Pokistonga qarshi hujumlar uyushtirib kelmoqda. Islomobodni Tolibon bilan til biriktirganlikda ayblaydigan Kobul bu da'volarni rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG