Pentagon: Fosh etilgan harbiy sirlar dushmanga qo’l keladi


AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon nazarida, Afg’oniston urushiga doir maxfiy ma’lumotlar internetga chiqarilishi nafaqat askarlar hayotini xavf ostiga qo’ymoqda, balki mintaqadagi ittifoqchilik rishtalariga ham putur yetkazadi.

Bu ma’lumotlar yaqinda “Wikileaks” veb sahifasida chop etildi.

Afg’onistonda Tolibon bilan olishayotgan davlatlar, xalqaro koalitsiya a’zolari razvedka ma’lumotlari ommaga chiqarilganidan norozi. AQSh Mudofaa vazirligi tekshiruvga Federal Qidiruv Byurosini jalb qilyapti.

Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha, bu hujjatlardan omma hech bir yangi narsa o’rgangani yo’q. Ammo xavotir shundaki, harbiy taktika va strategiyaga doir bir dunyo ma’lumot dushmanga qo’l kelishi mumkin.

“Tergov puxta va keng qamrovli bo’ladi. Davlat xavfsizligiga taalluqli bu jinoyat qanday ro’y berganini aniqlaymiz”, - deydi vazir Geyts.

Maxfiy informatsiyani chop etgan “Wikileaks” sayti qo’lida yana 15 ming hujjat bor. “Aynan xavfsizlik nuqtai nazaridan ularni fosh etmayapmiz”, deydi sayt asoschilari.

Oq uy saytni aqlsizlik va insonlar hayotiga befarqlikda ayblamoqda. Prezident Barak Obama voqeani xavfsizlik kengashi a’zolari, jumladan AQShning Afg’onistondagi qo’mondoni Deyvid Petreus bilan muhokama qilgan.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, yig’ilishda asosiy e’tibor Afg’oniston va Pokistondagi vaziyat hamda Kobulda o’tgan donorlar konferensiyasi natijalariga qaratildi.

Mazkur oy (iyul) Afg’onistonda amerikalik zobitlar uchun eng qonlisi bo’lishi kutilmoqda – oy boshidan beri 63 askar halok bo’lgan.

XS
SM
MD
LG