Amerikalik tahlilchilar: Tolibon bilan murosa qilishdan boshqa iloj yo’q


Amerikalik tahlilchilar: Tolibon bilan murosa qilishdan boshqa iloj yo’q

Amerikalik tahlilchilar: Tolibon bilan murosa qilishdan boshqa iloj yo’q

Vashingtonda asoslangan “Century” ilmiy-tadqiqot markazi Afg’onistondagi ahvol va umuman 10 yillik urush natijasini ko’rib chiqdi.

Bu tajribali diplomat va olimlar nazarida, hech bir tomon bu mojaroda harbiy ustunlikka erisha olgani yo’q. Tinchlik muzokaralari hoziroq boshlanishi kerak.

G’arb ommasi bu urushdan to’ygan. Afg’onlar ham xalqaro qo’shin mamlakatni tezroq tark etishi tarafdori. Tolibonning ham hukumat bilan murosa qilishdan boshqa yo’li yo’q.

Laxdar Brahimi, BMTning Afg’oniston bo’yicha maxsus sobiq vakili fikricha, toliblar muzokarada qatnashmoqchi bo’lsa, yo’q demaslik kerak.

AQSh Davlat kotibi sobiq o’rinbosari Tomas Pikering ham jarayon harakatning quyi a’zolaridan tortib, rahbariyatgacha, hamma uchun ochiq bo’lsin deydi.

“To’g’ri, Tolibonni yaxlit bir tuzilma deyish qiyin. Har xil guruhlar bu harakat nomidan gapirgan holatlar bo’lgan. Diniy va siyosiy masalarlarda Mulla Umarni so’zlovchi deb bilamiz, lekin yetakchilarining bir qismi Pokistonda ekani sabab ularga ham taklif bilan chiqish kerakdir”.

Tolibonning radikal a’zolari muzokara takliflarini tan olmaydi va oxirigacha jang qilishga bel bog’lagan.

Amerikaning Afg’onistondagi qo’mondonlari hozirgi harbiy vaziyatni ijobiy baholaydi. Qo’shma Shtatlar hatto shu yil yozdan askarlarini kamaytirib, afg’on rahbari Hamid Karzay talab qilib qilayotganidek, xavfsizlikni mahalliy armiyaga topshirish taraddudida.

2014 yilda esa NATO qo’shinlari mamlakatni deyarli butunlay tark etishi belgilangan.

AQSh mudofaa vaziri sobiq muovini Lorens Korb fikricha, 2014 yilgacha kutib o’tirishdan foyda yo’q. “Tolibon bilan muzokara qilish imkoniyati hozir bor, keyin boy berilishi mumkin”.

“Muzokarani yozda, NATO askarlari mamlakatni tark etayotgan payt boshlab yuborsa bo’ladi. Kim bilsin, toliblar ham fursatdan foydalanib qolsa ajabmas”, - deydi harbiy ekspert.

Mutaxassislar tavsiyasi shuki, ishni xalqaro vakolatga ega vositachi tayinlashdan boshlagan ma’qul.

Lavozimga tayinlangan shaxs murakkab masalalarga yechim topa olishi, tomonlarning maqsad-manfaatini taroziga qo’yib, ularni kelishtira olmog’i lozim.

XS
SM
MD
LG