Breaking News

BMT Afg'onistonda tinch aholi talofati ko'payganini aytmoqda


Afg'oniston
Afg'oniston
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, Afg’onistonda yilning birinchi yarmida oddiy aholi orasida talofatlar 23 foizga oshgan. Hisobotda aytilishicha, bunga sabab bomba xurujlarining ko’paygani. Yaralanganlar soni esa 2012-yilgi ko’rsatkichdan 28 foiz ko’p. Nobud bo’lgan 1319 kishidan 74 foizi jangarilar xurujida, to’qqiz foizi hukumat kuchlari o’qidan, 12 foizi esa ikki tomon to’qnashuvi paytida o’lgan.

Biroq Afg’onistonda NATO qo’mondonligi ostida harakatlanayotgan xalqaro kuchlar BMT bergan bu raqamlarga qo’shilmaydi. Qo’mondonlikka ko’ra, jangarilar taloflatlarning 90 foiziga mas’ul.

BMT hisobotidan yana shu narsa ma’lumki, joriy yilning dastlabki olti oyida ayollar va bolalar orasida ham xurujlardan o’lim va jarohat hollari 38 foizga oshgan.

Bu o'rtada Pentagon chop etgan yangi hisobotga ko’ra, xalqaro qo’shinlar kelasi yili Afg’onistonni tark etgandan keyin mahalliy xavfsizlik kuchlariga harbiy yordam ko’rsatishda davom etish zarur. Afg’on hukumati Tolibon bosimiga dosh berishi uchun armiya va politsiya tayyorgarligi va xorijiy moliyaviy yordamni oshirish lozim, deyiladi hujjatda.

AQSh va afg’on rasmiylari ikki davlat o’rtasida strategik xavfsizlik bitimiga hanuz kelisha olmayapti. Muloqot o’tgan yili boshlangan edi. Biroq o’tgan oy Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini o’tkazish uchun joy borasida AQSh bilan so’z talashib, bitim bo’yicha muloqotni to’xtatdi. Shundan beri ikki davlat aloqalari sovuqlashib, muloqot qachon davom etishi ma’lum emas.

AQSh mudofaa vazirining yordamchisi Piter Lavoyning aytishicha, agar Kobul 2014-yildan keyin Afg’onistonda qoladigan oz sonli amerikalik harbiylar maqomiga doir bitimni imzolamasa, Qo’shma Shtatlar barcha askarlarini mamlakatdan chiqarishga majbur bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG