Afg’onistonda mudofaa vaziri yangilanadi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston sobiq Mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardak.

Afg'oniston sobiq Mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardak.

Afg’oniston Mudofaa vaziri general Abdul Rahim Vardak lavozimini bo’shatmoqda.

Parlament quyi palatasi uni ishonchga noloyiq deb topgan. Vardak qonunchilar hukmiga bo’ysunishga majbur.

Afg’onistonda jangarilar hujumlari faollashib, talofatlar ortar, qo’shni Pokiston bilan chegarada to’qnashuvlar kuchayar ekan, parlament shanba kuni masalani ovozga qo’ygan va Vardak hamda Ichki ishlar vaziri Bismilloh Muhammadiyni ishdan haydashga qaror qilgan edi.



Xavfsizlik uchun javobgar bu ikki arbob ishini eplay olmadi, deydi qonunchilar.

Lekin prezident Hamid Karzay so’zlariga ko’ra, yangi vazirlar tayinlanguncha Vardak va Muhammadiy ishini davom ettiradi.

Ayrimlar nazarida pashtulardan bo’lmish Vardak Afg’oniston armiyasiga sayqal berib, jangarilarga qarshi kuchga aylantira olgan.

Yozning issig’i jangarilar ayni kuchga to’lgan palla ekan, ular nafaqat asosiy qarorgohlari janub va sharq, balki boshqa viloyatlarga ham qaqshatqich zarbalar bermoqda.

Xalqaro qo’shinlar mamlakatni to’p-to’p bo’lib tark etayotgan bir payt. Qaror NATOning Afg’onistonni 2014-yilda butkul mahalliy qo’shinlarga topshirish rejasiga halaqit berishi aniq.

Bugun, shuningdek, Moliya vaziri Umar Zahilval barcha hisob-raqamlarini oshkor etishini bildirgan.

Korrupsiyaga qarshi mahalliy idora da’vosicha, u yurtni o’marib, chet eldagi banklarda 1 million dollardan ortiq mablag’ saqlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG