Hamid Karzayning akasi saylovdan nomzodini qaytarib oldi

  • Amerika Ovozi

Qayum Karzay (o'ngda) prezidentlikka nomzod Zalmay Rasul bilan qo'l berib ko'rishmoqda, Kobul, 6-mart, 2014-yil.

Qayum Karzay (o'ngda) prezidentlikka nomzod Zalmay Rasul bilan qo'l berib ko'rishmoqda, Kobul, 6-mart, 2014-yil.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning akasi 5-aprelga mo’ljallangan prezidentlik saylovida qatnashmasligini e’lon qildi. U tarafdorlarini sobiq Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul nomzodini qo’llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu prezident Karzay tomonidan o’z odamining reytingini oshirishga qaratilgan siyosiy harakatdir.
Amaldagi prezidentning akasi Qayum Karzayning jurnalistlarga aytishicha, u Afg’onistonning 28 viloyatida oqsoqollar bilan maslahatlashgach, prezidentlik poygasini tark etishga qaror qilgan. U endi sobiq Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul nomzodini qo’llab-quvvatlashini aytdi.

“Afg’onistonning oxirgi 12 yilda erishgan yutuqlarini saqlab qolish maqsadida afg’on xalqini, diniy ulamolar, oqsoqollar va yoshlarni Zalmay Rasul nomzodini qo’llab-quvvatlashga chaqiraman”, - dedi u.

Karzay bayonot bergan payt uning yonida o’tirgan Zalmay Rasul bu qarorni iliq kutib oldi.

“Do’stlarimiz yordami va xalq qo’llovi bilan saylovda albatta g’alaba qozonamiz”, - dedi u.

Qayum Karzay nomzodini qaytarib olganidan so’ng, prezidentlik poygasida 10 ishtirokchi qoldi. Ular orasida 2009-yilgi saylovdagi nomzod, muxolifat vakili Abdulloh Abdulloh hamda sobiq Moliya vaziri Ashraf G’ani ham bor.

Afg’oniston konstitutsiyasi ikki muddat prezidentlik qilgan Hamid Karzayga uchinchi bor saylovda qatnashishni taqiqlaydi. Amaldagi prezident saylovning xolis o’tishi uchun hech bir nomzodni ochiq qo’llab-quvvatlamasligini aytgan. Ammo Qayum Karzayning poygadan chiqib Zalmay Rasul tarafiga o’tgani prezident tanlagan nomzod kim ekanini ko’rsatdi, deydi kuzatuvchilar.

Karzay prezidentlikdan ketganidan keyin ham Kobulda ta’sirga ega bo’lib qolishni istaydi, deydi afg’onistonlik tahlilchi Said A’zam.

“U shunday muhit yaratishga harakat qilyaptiki, u xohlagan nomzod saylovning birinchi bosqichidayoq g’olib bo’lishi kerak”, - deydi ekspert.

Agar 5-aprelda bo’lib o’tadigan saylovda mutlaq g’olib aniqlanmasa, eng ko’p ovoz to’plagan ikki nomzod yana bellashadi. Joriy saylovda aholi urush domiga tortilgan o’lka hokimiyatining ilk bor demokratik yo’l bilan almashishiga guvoh bo’lishi mumkin.

Kuzatuvchilar fikricha, prezident Karzayning AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolamayotgani uning kelayotgan saylovda o’z nomzodiga nisbatan saylovchilar xayrixohligini oshirishga qaratilgan strategiyasi bo’lishi mumkin.

Ammo tahlilchi A’zamga ko’ra, barcha nomzodlar, jumladan, Zalmay Rasul ham xavfsizlik bitimini imzolash tarafdori.

“Menimcha, asosiy sabab saylov bilan bog’liq. Prezident Karzay o’zi xayrixoh nomzodning yutishiga ishonch hosil qilgach, saylovdan keyin xavfsizlik bitimi taqdirini, baribir, o’zi hal qilishiga ishonadi”, - deydi u.

Kelishuvning haligacha imzolanmagani Kobul va Vashington aloqalarini keskinlashtirmoqda. Karzay AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlar amalga oshirayotgan aksil-terror amaliyotlarini muntazam ravishda qoralab keladi.

NATO amalga oshirgan so’nggi havo hujumida besh afg’on askarining halok bo’lgani Kobul tanqidlarini yanada kuchaytirdi. Prezident matbuot kotibining aytisicha, Karzay voqea yuzasidan tekshiruv o’tkazishni buyurgan.

Koalitsiya kuchlariga ko’ra esa, hujum vaziyat taqozosiga ko’ra amalga oshirilgan va afg’on askarlarining halok bo’lishi baxtsiz tasodif natijasidir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG