Yurtiga qaytgan afg'on qochqinlari uchun hayot yanada og'ir

  • Amerika Ovozi

Pokistonda bugun qariyb 1,5 million afg’on qochqinlari yashaydi. 2002-yildan buyon 3 milliondan ziyod odam vataniga qaytgan. Aksariyati hujjatsiz, uysiz va ishsiz. Afg’onistondagi gumanitar tashkilotlar esa mablag’ ozligi sabab ularga yordam berishga ojiz.

Hadisa atigi 14 yoshda bo’lsa-da, hayotda ko’p narsani ko’rgan. Oilaning andakkina byudjetini taqsimlash, kasal onasiga qarash uning bo’ynida. Bugun ukasini ham ishda kaltaklashibdi. Hadisaning otasi va akalari birgalikda oyiga zo’rg’a 40 dollar topishadi. Yarmini ijaraga berish kerak.

“Ovqatimiz - non bilan choy. Boshqa narsaga pulimiz yetmaydi”, - deydi qiz.

Joriy yilda 70 mingdan ziyod afg’on qochqinlar bu oila qatorida Pokistondan Afg’onistonga qaytdi. Hadisaning onasi Nuxbat Bibi qanday kun kechiramiz, deya hayron.

“Uyga qaytib, hayotimiz battarlashdi. Pokistonda hujjatimiz yo’qligi sabab har kuni muammo edi. Afg’onistonda esa nonimiz yo’q”, - deydi u.

O’tgan yili Pokistondagi bir maktabda jangarilar 150 kishini, asosan, bolalarni otib o’ldirgan edi. Shundan so’ng hujjatsiz qochqinlar hayoti yanada og’irlashdi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti xodimi Metyu Greydonning aytishicha, bu voqea ketidan afg’onlar katta sonda uyga qayta boshlagan. Hukumat esa bunga tayyor emas.

“Hukumat va gumanitar tashkilotlar oldidagi eng katta muammo - mablag’ yetishmovchiligi”, - deydi u.

Pokistonda ro’yxatga olingan afg’on qochoqlari milliondan ziyod. Farzandlari lagerda tug’ilib o’sgan oilalar juda ko’p. Afg’onistonga qaytib borganlar, ko’pincha, sargardon bo’ladi, ish topa olmaydi. Aksar hollarda bu odamlarning ustidagi kiyimidan boshqa hech vaqosi yo’q.

Qochqinlarni eng ko’p qabul qilayotgan Kunor va Qunduz viloyatlari notinch. O’z qishlog’iga qayta olmaganlar Afg’onistonning o’zida boshpanasiz odamga aylanadi.

Mablag’ taqchilligi tufayli afg’on hukumati va xalqaro tashkilotlar faqatgina eng muhtoj oilalarga yordam ko’rsatadi. Qolganlar esa o’z yo’lini o’zi topishga majbur.

Hadisaning oilasi uchun Pokistonda hayot og’ir edi, Afg’onistonda esa besh battar. Kelajakdan umid yo’q, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG