Afg’on qochqinlar vatanga qaytishga tayyor emas

  • Amerika Ovozi

Dunyodagi har to’rt qochqinning biri afg’onistonlik. Bu toifadagi afg’onlarning 95 foizi Eron yoki Pokistonda yashaydi. Shu yil oxirida afg’on qochqinlarining Pokistondagi rezidentlik maqomi muddati nihoyasiga yetishi kutilmoqda. Ammo aksariyati hali vataniga qaytishga tayyor emas.

Afg’on qochoqlarining ko’pi Pokistondagi lagerlarda yoki Islomobod chetidagi xaroba kulbalarda istiqomat qiladi.

Muhammad Nazar shifokor, bu yerga 18 yil muqaddam kelgan.

“Bu yerda bolalar uchun umuman sharoit yo’q. Gigiyena, elektr quvvati mavjud emas. Chayon va ilonlar yuradi. Bizda faqat boshog’riq uchun dori bor. Boshqa narsalar uchun kasalxonaga borish kerak”, - deydi u.

2002-yildan beri 5,5 million afg’on vataniga qaytgan. Ammo yana 1,7 millioni Pokistondagi 80 ta qochqinlar lagerida yashaydi.

Bundan tashqari Pokistonda bir million atrofida muhojirlik hujjatiga ega bo’lmagan afg’on istiqomat qiladi.

Ayrim lagerlarda sharoit juda abgor holatda. Ulardan biridagi jamoaning keksa vakili Sana Gul bu yerda 85 oilaga bosh-qosh.

“Har kuni politsiya kelib bizdan pul talab qiladi. Ko’pchiligimizda muhojirlik hujjati yo’q. Pul bermasak, bizni politisya idorasiga olib borib, deportatsiya qilish bilan qo’rqitishadi. Shunda ko’proq pul to’lashga majbur bo’lamiz”, deydi Sana Gul.

BMTning Qochqinlar agentligi vakili Duniya Aslam Xonning aytishicha, yashash sharoiti og’ir bo’lishiga qaramay, afg’onlarning hali-beri Pokistonni tark etishi amri mahol.

“Bu yerda Pokistonda tug’ilib, shu yerda ulg’aygan va Pokistondan boshqa davlatni ko’rmagan avlod bor. Bundaylar ko’pchilikni tashkil qiladi. Bu yerda qolish uchun Afg’onistondagi xavfsizlik muammosini asosiy sabab qilib ko’rsatishadi”, deydi u.

30 yildan beri muhojirlikda yurgan G’ulom Sarvarning hozir o’n nafar farzandi va uch nabirasi bor. Bu yerdan ketmaslik uchun boshqa sabablar ham bor, deydi u.

“Boshqa choramiz yo’q, shu yerda yashashga majburmiz. Bu yerda muammolar ko’pligini bilamiz, ammo Afg’onistonda Tolibon, terrorizm kabi balolar bor”, - deydi G’ulom Sarvar.

Pokiston rasmiylarining aytishicha, ro’yxatdan o’tgan qochoqlar mamlakatda yil oxirigacha qolishi mumkin. Ahvoli juda og’ir bo’lganlarning, shuningdek, talabalar va tadbirkorlarning qolish muddatini uzaytirish choralarini ko’ryapmiz, deydi ular.

Ammo Pokistonning Shtatlar va chegara hududlari vaziri Shavkat Ullohning aytishicha, hukumat g’aznasi bu qadar ko’p odamga boshpana berishni ortiq ko’tara olmaydi.

“Bu iqtisodiyotimiz uchun katta xarajat. Shuni deb muammoga yuz tutyapmiz”, - deydi u.

Millionlab afg’on qochqinlari vatanlariga qaytgani bilan, ularning o’z yurtlarida qayta hayot boshlashi juda qiyin kechmoqda. BMT agentligi ma’lumotiga ko’ra, ayrimlari, hatto, Pokistonga qaytib kelishni afzal ko’rmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG