Breaking News

370 ming afg'on qochqini Pokistondan yurtiga qaytdi


Afg'on qochqinlari
Afg'on qochqinlari

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, BMT ro'yxatiga olingan va olinmagan afg'on qochqinlarining salkam 370 mingi joriy yilda vataniga qaytgan.

O'tgan haftaning o'zidayoq 52 ming afg'onistonlikning chegaradan o'tgani aytiladi.

Bunga Pokistonda qochqinlarga qo'yilayotgan yangi talablar va bosim sabab bo'lmoqda. Xususan, yangi viza talablari, ro'yxatga olinganlik haqidagi spravka muddatining qisqartirilishi, politsiya reydlarining ko'payishi, hibsga olishlar va deportatsiyalar, tibbiy yordam va ta'lim imkoniyatlarining cheklanishi, ishsizlik.

“O'tgan hafta har kuni ro'yxatga olingan 5200 hamda hujjatsiz 2160 qochqin Pokistondan Afg'onistonga qaytgan. Yil oxirigacha yana 446 ming odam Pokistonni tark etishi kutilmoqda", - deyiladi BMTning Afg'onistonda Gumanitar masalalar bo'yicha koordinatorining idorasi bayonotida.

Unga ko'ra, BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissariati mahalliy hukumat idoralari va hamkor tashkilotlar yordamida bu qochqinlarga ko'maklashmoqda.

“Noyabrda yog'ingarchiliklar boshlanmasidan va qish kelmasidan oldin yordam agentliklari bu ishni yakuniga yetkazishga umid qilmoqda", - deyiladi bayonotda.

BMT rasmiylariga ko'ra, afg'on qochqinlarining aksariyati vataniga o'z xohishi bilan qaytmoqda. Bundaylar uchun komissariat ilgari va'da qilgan 200 dollarlik yordam puli iyun oyida 400 dollarga ko'tarildi. Bundan tashqari, Afg'oniston hukumati vatandoshlarni yurtiga qaytib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo'shishga da'vat etmoqda.

Pokistonda taxminan 1,5 million afg'on qochqini ro'yxatdan o'tgan, yana kamida bir millioni noqonuniy yashamoqda. Aksariyati vatanidagi zo'ravonliklardan qochgan.

Pokiston chegara xavfsizligini kuchaytirib, vataniga qaytayotgan qochqinlar harakatini nazorat qilmoqda. Islomobod jangari guruhlar ulardan foydalanishidan va qochqinlar saflariga kirib olib, xurujlar uyushtirishi mumkinligidan xavotirda.

BMT Afg'onistonning o'zida urushdan qochib, bir hududdan boshqasiga ko'chgan odamlar hamda yurtiga qaytayotgan qochqinlar ehtiyojlari uchun donor mamlakatlardan 150 million dollar so'ragan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG