Breaking News

Gretsiyadagi afg'on qochoqlari AQShga kelishdan umidvor


Gretsiyadagi afg'on qochoqlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Gretsiyada turib qolgan minglab qochoqlar orasida afg'onistonliklar ham bor. Ular AQSh hukumati va xalqaro koalitsiya bilan ishlagan va Tolibon tahdididan qo'rqib qochgan fuqarolar ekanini aytadi. Afg'onistonda AQSh harbiylari bilan ishlaganlarga Qo'shma Shtatlarga ko'chib borish imkonini beruvchi maxsus viza dasturi bor, ammo u uzoq vaqt oladigan jarayon bo'lgani bois ko'plab fuqarolar mamlakatni ertaroq tark etishga majbur bo'layotganini aytadi.

Muhammad va Yusuf Afg'onistonda tibbiyot instituti talabalari bo'lgan. O'tgan yili mamlakatni tark etguncha Bagramdagi AQSh havo bazasida Janubiy Koreya kuchlari yuritgan kasalxonada ishlashgan.

Koreyaliklar mamlakatni tark etgach, yigitlar ishsiz qoldi. Mamlakatda qolgan oila a'zolari xavfsizligi uchun ularni asl ismlari bilan atamaymiz.

"Bagram bazasida olti yil ishladim. Ishga borish-kelishda yuzimni yopib yurardim. Odamlar qayerda ishlashimni bilishlarini xohlamasdim", - deydi Muhammad.

Bu ikki yigit AQSh kuchlari bilan ishlagan iroqlik va afg'on fuqarolari uchun tashkil etilgan maxsus viza dasturiga hujjat topshirdi. "Amerika Ovozi" ularning arizalari bilan tanishib chiqdi.

"Ular arizamni rad etishdi. Men nega deb so'radim. Chunki sen koreyaliklar bilan ishlagansan, deyishdi. Lekin Koreya kasalxonasi Bagram bazasida joylashgan. U AQSh mulki-ku", - deydi Muhammad.

Yigitlar so'ng yordam so'rab Koreya hukumatiga yuzlandi.

"Ular bizga Koreya mitti davlat ekanini va muhojirlar qabul qilmsliklarini aytishdi", - deydi Muhammad.

Tolibondan tahdidlar kela boshlagach, yigitlar Yevropaga qochishga qaror qildi.

Ular hozir Afinadagi Olimpiya parkida tashkil etilgan muhojirlar lagerida yashamoqda. Yotoqlari beton pol, hatto chodirlari ham yo'q.

"Yuvinish uchun imkoniyat yo'q, sharoitlar juda yomon. Men doktor yordamchisiman, tibbiy tarjimonman. Men bu yerda nima qilyapman?", - deya so'raydi Muhammad.

AQSh Davlat departamenti rasmiysining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, to'g'ridan to'g'ri AQSh kuchlari bilan emas, balki xalqaro koalitsiya bilan ishlagan ayrim afg'onistonliklarni ham viza dasturiga qabul qilish bo'yicha o'zgarishlar kiritilgan, ammo arizalarni ko'rib chiqish jarayonini tezlashtirish eng asosiy muammo.

Muhammadning ishi hozir qayta ko'rib chiqilmoqda, ammo qachon javob chiqishi ma'lum emas.

Yigitning arizasi uchun tavsiyanoma yozib bergan AQShlik shifokorlardan biri sobiq hamkorining ahvolidan afsusda ekanini aytadi.

"U AQSh uchun biror tahdid bo'la olishi mumkinligiga ishonmayman. Uning ish malakasi, til bilish qobiliyati ham qabul qiladigan davlat uchun foydali hisoblanadi", - deydi doktor Benjamin Hil.

Gretsiyada AQSh vizasiga hujjat topshirib natijasini kutayotgan afg'onistonliklar ko'p. Vashington 2014-yil oktabrdan beri 20 mingdan ortiq afg'onga ana shunday viza bergan. Muhammad va Yusuf kabi afg'onistonliklar ham ular safiga qo'shilish ilinjida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG