Yurtiga qaytgan afg'on qochqinlarini mavhum kelajak kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'on qochqinlari yurtiga qaytmoqda

Afg'on qochqinlari yurtiga qaytmoqda

Joriy yilda 800 mingdan ziyod afg’on qochqini Pokiston va Erondan yurtiga qaytdi. Kimdir o’z xohishiga ko’ra. Hujjatsiz muhojirlar esa deportatsiya qilindi. Biroq ularni Afg’onistonda joylashtirishga na pul, na ma’muriy tayyorgarlik bor. Masala hal etilmasa, BMT gumanitar inqiroz kelib chiqish ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

“Uzoq yillardan so’ng vatanimga qaytdim. Pokistonda tug’ilganman. Bu yerda uyim yo’q, birovlarnikida turganman. Pokistonda ahvol og’irlashgani uchun ketyapman”, - deydi Ozod Xon ismli bir odam.

Afg’onistonda fuqarolar urushidan qo’shni mamlakatga bir necha million odam qochgan edi, ammo bu davlatda ularning biri ikki bo’lmadi, tazyiqlarga uchrashdi.

Joriy yilda 2015-yilga qaraganda uch baravar ko’p afg’on yurtiga qaytib ketdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, yil oxirigacha bir milliondan ziyod odam Afg’onistonga qaytgan bo’ladi, aksariyati yordamga muhtoj, 40 foizining ahvoli o’ta og’ir.

Hoji G’ulommulla bir necha yuz kishi bilan birga qaytdi. Aksariyatining oziq-ovqat va suvga to’lashga puli yo’q. Hukumatdan umidimiz yo’q, deydi ular.

“Qochqinlar bilan shug’ullanuvchi vazirlik uy qurib berishni, suv bilan ta’minlashni va’da qilgandi. Ammo Afg’onistonga qaytganimizdan so’ng vazirlikka qo’ng’iroq qilganimizda hech bir ish qilinmaganini aytishdi. Ko’chaga chiqib namoyish qilinglar, yo’llarni to’singlar deyishyapti”, - deydi u.

BMT donor davlatlardan 150 million dollar so’ragan, biroq shu kungacha bu pulning faqat 13 foizi olingan. Qish yaqinlashishi bilan minglab odamlar yanada qiyin ahvolda qolishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG