Vatan hamon notinch, lekin millionlab afg'onlar qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Erondagi afg'on qochqinlar

O’tgan bir yil ichida 1 milliondan oshiq afg’on qochqin vataniga qaytgan. Ularning chorak qismi qo’shni Pokiston va Erondan deportatsiya qilingan.

Amerikadan 390 ming afg’on yurtiga ko’chgan bo’lsa, Pokiston va Erondan 620 ming, Yevropadan esa 6 ming qochqin kelgan.

Hukumat va BMT dunyoning turli burchaklarida yashayotgan afg’onlarni vataniga qaytarish uchun turli imtiyozlar taklif qilmoqda, jumladan pul va yer.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti vakili Metyu Greydonning aytishicha, 2002-yildan beri bunday katta sonda qaytish kuzatilmagan.

2002-yilda 2 million, undan keyingi 12 yil mobaynida esa 4 millionga yaqin qochqin kelgan. Hayot oson emas, lekin odamlar, ayniqsa keksa yoshdagilar qiyin bo’lsa ham, notinch bo’lsa ham ona yurtida yashashni ma’qul ko’rgan.

O’tgan yil ichida 200 mingga yaqin afg’on vatanni tark etgan. Ular Yevropadan boshpana so’rayotgan qochqinlar orasida.

Mamlakatning ichida 1 milliondan oshiq ichki qochqin bor. Ular asosan lagerlarda va vayronalarda yashaydi. Xalqaro tashkilotlar yordamiga muhtoj.

Qariyb 40 yildan beri beqaror Afg’onistondan chiqib ketganlarning 5 milliondan ortig’i hamon Eron va Pokistonda.

Pokistondagilarning 2,3 millioni qochqin degan maqomga ega, qolganlari esa hujjatsiz.

Erondagilarning esa 2 millioni hujjatsiz, 1 milliondan ziyodining esa ishlash uchun ruxsatnomasi bor.

Bu yilning o’zida Eron 174 ming afg’onni, Pokiston esa 22 mingini majburan qaytargan.

BMT Islomobodga murojaat qilib, afg’onlarga nisbatan mehr-muruvvatli bo’lishga, ularni deportatsiya qilmaslikka, chet davlatlardan ularga g’amxo’rlik uchun ajratilgan mablag’ni to’g’ri ishlatishga undamoqda.

Oxirgi kunlar ichida Pokiston siyosati biroz yumshagan, deydi immigratsiya xodimlari. Afg’onistonda iqtisodiy vaziyat sal bo’lsa ham yaxshilansa, odamlar o’zi qaytadi. Notinchlikka o’rganib ketgan afg’onlar juda bo’lmaganda non topa olsam deydi.

Pokistonda afg’onlarga nisbatan nafrat kuchli va kuchayib borayotgani kuzatiladi, vaholanki, etnik va diniy jihatdan juda o’xshash elatlar haqida gap ketmoqda.

BMT vataniga qaytgan har bir afg’onga 400 dollar beradi, Kobuldagi hukumat esa ularni uy-joy bilan ta’minlashi kerak. Amalda bu ishlar har doim ham amalga oshirilmaydi va yangi kelganlar qiynaladi. Muammolar hal etilmas ekan, qochqinlar masalasi og’irligicha qolaveradi.

Bu yil qaytganlarning 90 foizi Nangarhor viloyatida joylashmoqda. Kobulga intilayotganlar ham ko’p. Lekin poytaxtda hayot qimmat. Qochqinlar Pokiston va Erondagi ishlarini tashlab kelgan. U yerda uzoq yillar yashagan odamlar o’z biznesi va tirikchiligiga ega bo’lgan. Vataniga qaytib endi ular hamma ishni yana boshidan boshlashi kerak. Mayli, eng muhimi tinchlik bo’lsin, deydi afg’onlar. #

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG