AQSh qo'shinlari Afg'oniston janubini hali-beri tark etmaydi


Qo’shma Shtatlatlar harbiy-dengiz kuchlari qo’mondoni general Jeyms Konvey so’zlariga ko’ra, uning bo’linmalari Afg’onistonning eng xafvli hududlari, janubiy viloyatlarda yana bir necha yil qolishga majbur.

“Mahalliy armiyani oyoqqa turg’azishga bel bog’laganmiz, ungacha esa xavfsizlik uchun javobgarlik bizning zimmamizda”, - deydi general.

Bu general Konveyning iste’foga chiqish oldidan jurnalistlar bilan so’nggi suhbati edi. Uning aytishicha, amerikalik zobitlarning bir qismi, prezident ko’rsatmasiga binoan, kelasi yil yozda Afg’onistonni tark etadi. Biroq jangarilar faol janubiy hududlar, xususan Hilmand, Qandahor kabi Tolibon o’choqlari bundan mustasno.

Ma’lumki, Afg’onistonda tor va qisqa muddatli maqsadlarni ko’zlayotgan prezident Obama bu mamlakatga yana 30 ming qo’shin jo’natayotib, ularni 2011 yilda vatanga qaytarishga va’da bergan.

Kuni-kecha bu o’lkadan qaytgan qo’mondon fikricha, bu qaror Tolibon harakatini ruhlantirib yuborgan ko’rinadi. Ular o’rtasidagi suhbat va kommunikatsiyadan “AQShning bu yerda uzoq qolish niyati yo’q, ajnabiy kuchlar baribir ketadi” degan gaplarni eshitamiz, deydi general Konvey.

Tolibon rahbariyati bundan o’z jangchilarini rag’batlantirish, harakat safini mustahkamlash uchun foydalanmoqda.

Jeyms Konvey Hilmand va qo’shni viloyatlarda ketayotgan harbiy amaliyotlar natijasidan mamnun. “Tolibonga qattiq zarba beryapmiz, ularning ta’minot tizimini ishdan chiqarish uchun harakat ketmoqda”, deydi u.

Natijada bu oy amerikalik zobitlar orasida talofatlar uncha ko’p emas. Biroq afg’on armiyasi kelasi yilgacha xavfsizlikni eplab ketishi gumon.

Urushning to’qqizinchi yilida ham Qo’shma Shtatlar bu o’lkada nimaga erishmoqchi degan savol takror-takror yangramoqda.

Harbiy qo’mondonlik va Oq uy oddiy afg’onlarning o’z hukumatiga ishonchini oshirish uchun harakat qilmoqda. Busiz Tolibonni yer tishlatish qiyin.

XS
SM
MD
LG