Breaking News

Afg'onistonda yangi yollangan politsiyachilar tekshiriladi


Afg'oniston politsiyachilari mashq qilmoqda.
Afg'oniston politsiyachilari mashq qilmoqda.
So’nggi paytda Afg’onistonda zobitlar va politsiyachilarning koalitsiyaga hujum qilish hollari ko’paygan. Xalqaro qo’shinlar so’zlovchisi general Gyunter Katsning aytishicha, buning oldini olish uchun ayrim choralar ko’rilmoqda.

Xususan, xalqaro va afg’on kuchlari o’rtasida razvedka ma’lumotlari oldi-berdisini oshirish, har ikki tomon askarlari uchun madaniy treninglar uyushtirish, afg’on xavfsizlik kuchlari tarkibida kontr-razvedka xizmatini kengaytirish shular jumlasidan.

"O’ylaymizki", - deydi general Kats, "bu choralar ichki tahdidlarga barham beradi".

Yil boshidan beri koalitsiyaning 45 askari shu kabi hujumlar oqibatida o’lgan. AQSh va NATO mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun mas’uliyatni mahalliy kuchlarga topshirishga taraddud ko’rar ekan, afg’on va xalqaro zobitlarning yelkama-yelka xizmat qilishi mumkinligi shubha ostiga qo’yilmoqda.

Tekshiruvlarga ko’ra, xurujlarning ba’zilari politsiya yoki armiya safiga kirib olgan toliblarning ishi bo’lsa, boshqa hollarda xorijiy harbiylar bilan chiqisha olmagan afg’on askarlarining o’rtadagi bahsni qurol bilan hal etishi natijasidir.

Ayni damda politsiyaga endigina yollangan afg’onlarni qayta tekshiruvdan o’tkazish maqsadida AQSh harbiylari mingga yaqin politsiyachi ishtirokidagi mashqlarni vaqtincha to’xtatgan.

Mahalliy tahlilchi Ahmad Idris Rahmoniyning aytishicha, mashg’ulotlar janubi-sharqiy va janubiy viloyatlarda ijobiy natija bergan.

"Biroq shimolda qurolli kuchlar safiga jinoyatchilar kirib olgani bois ko’p noxushliklar ro’y berdi", - deydi ekspert.

Politsiyaga yangi yollanganlar qayta tekshiruvdan o’tkazilar ekan, jangarilar ular yoki oilalariga do’q-po’pisa qilganmi, yo’qmi, aniqlanmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG