Breaking News

Afg'onistonda NATOning 12 ming zobiti xizmatni davom ettiradi


NATO Afg'onistonda 12 ming askar qoldirib, bu o'lkaga harbiy-moliyaviy ko'mak ko'rsatishda davom etadi. Tolibon harakati bu qarorni tanqid qilmoqda.

"Urush oddiy afg'onlar hayotini yanada og'irlashtiradi, mintaqa beqaror bo'lib qolaveradi. Chet ellik askarlar Afg'onistonni tark etmaguncha biz jihodni davom ettiramiz", - deydi Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid.

Afg'on hukumati NATO qarorini oqlishlamoqda.

"Vaziyat murakkab bo'lishiga qaramasdan, Afg'oniston oldinga siljiyapti. Katta burilishlar yuz bergan yil oxirlab borar ekan, umumiy dushmanimiz allaqachon ruhan yengilgan", - deydi Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy.

Shimoldagi Qunduz shahri sentabr oyida bir muddat Tolibonga boy berilganini hisobga olmaganda, afg'on armiyasi mamlakat mudofaasini uddalay olayapti, deydi vazir.

Afg'onistonda 2003-yildan beri aksil-terror amaliyotlarni yuritib kelgan NATO o'tgan yili jangovar missiyaga yakun yasagan edi, biroq mahalliy armiya uchun treninglar davom etmoqda.

Xorijiy qo'shinlarning katta qismi o'lkani tark etganidan so'ng Tolibon hujumlari avj oldi. Natijada Qo'shma Shtatlar ham Afg'onistondan 10 ming askarini hali-beri olib chiqmaydigan bo'ldi.

Afg'oniston tashqi ishlar vaziri Tolibon bilan tinchlik muzokaralariga tayyormiz, deya yana bir bor eslatmoqda. Bu muzokaralar muvaffaqiyatli kechishida Pokistonning ham ko'magi muhim, deydi Rabboniy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG