Afg'onistonning yangi hukumati Tolibon bilan ilk muzokarani o'tkazdi

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston va Pokiston rasmiylari Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlashda jiddiy qadam tashlagani aytilmoqda. Bu haqda rasmiy Kobul bayonot berdi.

7-iyul kuni Islomobod yaqinida Prezident Ashraf G’ani boshchiligidagi yangi afg’on hukumati ilk bor Tolibon vakillari bilan to’g’ridan to’g’ri muloqot o’tkazdi. Uchrashuvni Pokiston uyushtirgan va unda AQSh va Xitoy vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashgan.

Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Hikmat Xalil Karzay Kobulda jurnalistlarga shu haqda ma’lumot berdi. Uning aytishicha, uchrashuvda Tolibon vakillari, jumladan, Haqqoniy tarmog’i a’zolari ishtirok etgan.

“Biz muloqotda gaplashgan odamlar rahbarlarining to’la ruxsati va qo’llab-quvvatlovi bilan kelgan”, - dedi Karzay.

Tolibon Afg’onistondan xorij askarlari butunlay ketmaguncha hech qanday muloqotga qo’shilmasligini aytib kelayotgan edi. Karzay bu iddaoni inkor etib, hozir guruh tinchlik muzokarlarida ishtirok etayotganini bildirdi.

Hukumat vakili Hoji Din Muhammad Pakistonda o’tgan uchrashuvdan ko’p narsa kutishdan ehtiyot bo’lishga chaqirib, hali ko’plab kelishmovchiliklar bartaraf qilinmaganini ta’kidladi.

“Bu uchrashuv faqat boshlanishi va oldindagi yo’lda hali qiyinchiliklar ko’p. Afg’onlar qo’shnilar yordamida milliy ahillikka erishishi uchun bu muhim qadam”, - dedi u.

Pokiston rasmiylarining aytishicha, tinchlik muloqoti do’stona muhitda o’tgan.
Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi uchrashuv tafsilotlariga to’xtalmasdan, unda “o’zaro ishonchni oshirish”ga qaratilgan choralar haqida gaplashilganini aytdi.

“Bu har ikki tomonda jarayonni davom ettirishga qiziqish borligini ko’rsatadi. Bu davomiy ish ekaniga urg’u bermoqchiman. Faqat bir marta bo’ladigan va davomi yo’q uchrashuvlardan emas. Hali bunday yig’inlar davom etadi. Har ikki tomon Afg’onistonga tinchlik olib kelish xohishida ekanini bildirdi”, - deydi rasmiy.

Pokiston vakili urushdan xarob bo’lgan qo’shni yurtda tinchlik o’rnatish uchun yordam berishda davom etishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu jarayonni mahalliy kuchlar va xalqaro hamkorlar birdek qo’llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG