Afg’on rahbari yana Tolibonni murosaga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Tolibonga murojaat bilan chiqdi. Bu harakat a’zolari va rahbari Mulla Umar qurolni tashlab, siyosiy jarayonga qo’shilsin, deydi u.

Poytaxt Kobulda o’tgan matbuot anjumanida Hamid Karzayning ta’kidlashicha, mushtarak manfaatlarni asos qilib, tinchlik muzokaralarini boshlasa bo’ladi.

“Mulla Umar Afg’onistonga qaytib, istagan yerida siyosiy idora ochsin. Lekin qurolni tashlashi shart. Sheriklari bilan partiya tuzadimi, saylovda qatnashadimi, bu uning ishi. Agar xalq ularga ovoz bersa, marhamat, mamlakatni boshqarishsin”, - deydi Afg’oniston rahbari.

“Tolibon nima istaydi o’zi? AQSh va boshqa xorijiy kuchlar Afg’onistondan tezroq ketishini biz ham istaymiz. Demak, toliblar kelib biz bilan maslahat qilsin. Talablari asosli va o’rinli bo’lsa, tinglashga tayyormiz”, - deydi Hamid Karzay.

Afg’oniston rahbari bundan oldin ham ko’p marta jangarilarni urushni bas qilib, tinch hayotga qaytishga chaqirgan. Ammo Tolibon Karzay ma’muriyati bilan muzokara qilishni istamaydi. Uni G’arbning “o’yinchog’i” deb biladi.

Yil boshida Tolibon vositachilari Qatarda AQSh rasmiylari bilan ko’rishgan edi. Tinchlik muzokaralarini boshlash haqida gaplashib olgan edi. Lekin mart oyida toliblar yangi talab bilan chiqdi, jumladan AQSh asirlarni ozod etishi kerak dedi. Ana undan keyin murosa haqida gaplashamiz, deydi harakat yetakchilari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG