Tolibon muzokaraga qo’shilishi hanuz aniq emas

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda 12 yillik urushni muzokara orqali hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlar mavhum bir nuqtaga yetdi – Tolibon muzokaraga qo’shilishdan yana bosh tortmoqda.

Bu boradagi xabar Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning Afg’oniston va Pokistonga safari chog’ida e’lon qilindi.

Shu oy Qatarda siyosiy idora ochgan Tolibon Qo’shma Shtatlar va Afg’oniston rahbari Hamid Karzayni “vaqtni behuda sarflayotganlikda” va “soxta va’dalar” berayotganlikda ayblab, keskin tanqid qilmoqda.

“Amerika Ovozi” Tolibon so’zlovchisi Zabihullah Mujohiddan bu haqda maktub oldi.

“Tahdid, qo’rqitish va provokatsiya bilan ish bitadi deb o’ylamang. Tolibon jangchilaridan taslim bo’lishni so’ramang. Bu usullar o’tmishda samara bermagan, afg’on muammosini hal qilishda kelajakda ham hech qanday natija bermaydi”, deyiladi maktubda.

Jangari guruh nazarida AQSh hovliqib, hozirgacha tinchlik borasida biror konkret taklif bilan chiqmagan; afg’on rahbari esa Vashington va Tolibon o’rtasidagi bevosita muloqotga qarshi chiqib, xato qilayapti.

Kecha Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan uchrashgan Hamid Karzayning aytishicha, murosasozlik ishlari chetdan olib borilayotgani Afg’onistonni bo’lib yuborishi mumkin. Jangarilar bizga shart qo’ymasin, ularni muzokaraga ko’ndirish uchun yon bosishlarga qarshiman, deydi prezident.

“Dohada Tolibon idora ochganiga nisbatan turlicha munosabatlar yangragani bejiz emas. Ular muzokaraga qo’shilgach, og’a-inilari bilan gaplasha boshlagach, biror talabi bo’lsa oshkora aytsin. Konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritishning o’z tartib-qoidasi bor”, - deydi Hamid Karzay.

Afg’on prezidenti Qatarda Tolibon ofisi ochilishida Pokistonning roliga ham shubha bilan qaraydi. Ma’lumki, islomiy guruh 1990-yillarda tashkil topishida Pokiston razvedkasining qo’li bor. Islomobod bugungi muzokaralarga vositachilik qilishga urinayotgani - aloqalar saqlanib qolganidan nishona.

Deyvid Kameron bilan uchrashgan Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif jurnalistlar bilan suhbatda shunday dedi:

“Tinchlik muzokaralariga afg’on hukumati bosh bo’lishi lozim. Ham Britaniya, ham Pokiston Afg’onistonda osoyishtalik qaror topishini istaydi, toki bizning davlatda yashayotgan uch million afg’on qochqinlari bir kun kelib vataniga qaytsin”, - deydi Sharif.

Deyvid Kameron ham har ikki davlat tinchlikdan manfaatdor ekanini e’tirof etdi.

Shu oy boshida Qatarda Tolibon siyosiy idora ochgani urushni yakunlash yo’lida muhim qadam, deya olqishlangan edi. Ko’p o’tmay, AQSh va prezident Karzay u yerga o’z elchilarini yuborishini e’lon qildi.

Ammo imorat eshigida Afg’oniston Islomiy Amirligi deb yozilgani hamda Tolibon bayrog’i ko’tarilgani Karzayni g’azabga keltirdi. U muzokarani boykot qilib, AQSh bilan 2014-yildan keyingi rejalar muhokamasini ham vaqtincha to’xtatdi.

Ayrimlar nazarida Tolibon bilan murosaga borish katta xato, chunki Afg’oniston bo’ylab qonli hujumlar tinimsiz davom etayapti. Biroq Hamid Karzay tinchlik yo’lidan qaytmoqchi emas.

“Bizga tinchlik kerak, mamlakatga va Tolibonga ham tinchlik kerak”, - deydi u.

AQSh va Qatar hukumatlari, deydi prezident, Tolibonga o’z siyosiy idorasidan reklama uchun foydalanishga va xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortishga imkoniyat berdi. AQSh rasmiylari nazarida esa bu asossiz ayblov.

Ayni paytda, Obama ma’muriyatining talabi bilan, Qatardagi idora eshigidagi yozuv va Tolibon bayrog’i olib tashlangan. Diplomatlar muzokaraga afg’on hukumati bosh bo’ladi, deya ta’kidlamoqda. Bu, o’z navbatida, Tolibonni murosa fikridan qaytargan ko’rinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG