Breaking News

Qatarda afg'on rasmiylari Tolibon bilan muzokarada


.
.

Afg'oniston delegatsiyasi Tolibon bilan muzokara qilish uchun Qatarga jo'nab ketdi. Ikki kunlik muloqot uzoq yillik urushga yakun yasashga, afg'on xalqini tinchlik va barqarorlik bilan ta'minlashga qaratilgan, deya qayd etadi mezbon tomon.

Tolibon harakati Qatarga sakkiz vakilini jo'natgan. Afg'oniston hukumatining jangarilar bilan murosa qilish sa'y-harakatlari hozirgacha natija bergani yo'q.

2013-yilning yozida toliblar Qatarda idora ochib, o'zini quvg'indagi hukumat elchixonasi deya tanishtirgani o'sha paytdagi Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayning kuchli noroziligiga sabab bo'lgan. Idora bir oydan so'ng yopilgan edi.

Amaldagi Prezident Ashraf G'ani Tolibon bilan til topishamiz, deydi. AQSh va NATO qo'shinlarining katta qismi shu yil boshida o'lkani tark etgan.

Pokiston Tolibonni bahorgi hujumlarni to'xtatib, Kobul bilan muzokara qilishga chaqirmoqda.

Rasmiy Islomobod, ayniqsa bu davlat razvedkasi toliblar bilan maxfiy aloqada ekani, Tolibon yetakchilari Pokistonning qabilaviy hududlarida yashayotgani haqidagi gumonlar oraga sovuqchilik tushirgan bosh omil bo'lib kelgan.

Biroq Pokiston o'tgan hafta ilk bor Tolibon hujumlarini qoralab, tinchlikka faqat dialog orqali erishish mumkin, deya bayon qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG