Obama Afg'onistonda qo'shin qoldirib to'g'ri qildimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Afg'onistonda 10 ming sonli qo'shinini yana bir yilga qoldirayotgani NATO tashkiloti tomonidan olqishlanmoqda, ammo qonunchilar va kuzatuvchilar orasida bu qarorga munosabat turlicha. Prezident Barak Obamaning aytishicha, Afg'onistonda missiya o'zgarmaydi.

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi ekstremizmga qarshi kurashda Afg'oniston qurolli kuchlariga ko'maklashib keladi. Tolibon hujumlarga zo'r berayotgan va "Islomiy davlat" guruhi mamlakatda o'rnashayotgan bir paytda, xalqaro qo'shinning roli muhim.

"Afg'on zobitlari o'ta xatarli sharoitda vazifasini bajarayapti. O'tgan yillar ichida qo'lga kiritilgan yutuqlarni boy bermaslik uchun ularni har tomonlama, jumladan, moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak", - deydi NATO rahbari Yens Stoltenberg.

Afg'on armiyasini treningdan o'tkazib, shuningdek, aksil-terror amaliyotlarida qatnashayotgan NATO qo'shiniga 40 davlat hissa qo'shadi. 13 ming askardan yarmidan ko'pi amerikaliklar.

Vashington Kobuldagi elchixonani qo'riqlash uchun atigi 1000 askar qoldirishni mo'ljallab turgan edi. Yangi rejaga ko'ra, 2017-yilda askarlar soni 10 mingdan 5,5 mingga kamayadi.

Bu to'g'ri qaror, deydi Afg'onistonda ikki yil elchilik qilgan Jeyms Kaningxem. Barak Obama prezidentligini yakunlash arafasida barcha askarlarni vatanga qaytarishni rejalayotgan edi. Kaningxem va xavfsizlik bo'yicha bir guruh boshqa ekspertlar uni fikridan qaytishga undagan.

"Amerika to'g'ri strategiyani tanlayaptimi? AQSh yordamisiz, Afg'onistonda vaziyat izdan chiqmaydimi, degan savollarni obdon o'rganib chiqdik", - deydi sobiq elchi.

Obamaning ashaddiy tanqidchilaridan biri, senator Jon Makkeyn yangi rejani olqishlasa-da, bunday qarorlarni aslida yangi prezident - Afg'onistondagi sharoitga qarab - qabul qilishi ma'qulroq bo'lardi, qabilida bayonot berdi.

Jorj Bush ma'muriyatida Afg'oniston masalalari bilan shug'ullangan Maykl Voltz deydiki, afg'on armiyasi safida talafotlar yuqori, siyosiy jabhada ham vaziyat o'ta nozik.

"Besh yarim ming askar bilan maqsadga erishib bo'lmaydi. Dushman ham, ittifoqchilar ham Amerika Afg'onistonni tashlab ketmasligini bilishi lozim", - deydi Voltz.

Siyosatshunos Jeyson Kembel AQSh qo'shinlari soni kelasi yil o'zgarmasligini to'g'ri qaror, deb hisoblaydi. Askarlar soni va missiya muddati kalendarga qarab emas, jang maydonidagi sharoitga qarab belgilanishi lozim, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG